Internet tarmog‘ida Sergeli tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida xabar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB ushbu voqea bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
2020 yil 17 sentyabr kuni taxminan soat 02.00 da 31 yoshli Farrux T. “Lacetti” (davlat raqami 01 B 223 ZA) rusumli avtomobilni mast holatda Sergeli tumani Chinor ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borgan. Chinor va Qo‘rg‘ontepa ko‘chalari kesishmasi yaqinida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi do‘konga to‘qnashib, so‘ng chetda turgan ikki nafar piyodalar – 24 yoshli Muhammad T. va 22 yoshli Alfiya B.larni urib yuborib, yo‘l chetida to‘xtab turgan 32 yoshli Kamola N. boshqaruvidagi “Spark” rusumli (davlat raqami 01 U 854 GB) avtomobilga to‘qnashgan. Haydovchining ko‘rsatmalariga ko‘ra avtomobil tezlikni oshirib harakatlangan.
Tezkor-tergov guruhi voqea joyiga yetib kelishi bilan guvohlar haydovchi YTH joyini tark etishga harakat qilganligini, ammo ular tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qilishdi.
YTH sababli ikkala piyodalar ham shifoxonaga yetkazildilar. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 1 qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda tergov olib borilmoqda, bir qator ekspertizalar belgilandi.