Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi mojaro aks etgan video yuzasidan Toshkent shahri IIBB.si tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Joriy yilning 16 avgust kuni soat 21:40 atrofida Olmazor tumani Qora qamish 1/3 dahasida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori SH.Qurbonov va patrul-post xizmati inspektori A.Mamadaliyev uch nafar fuqaroning avtomashina oynasidagi qoraytirilgan plyonkani yechayotganini ko‘rib, tekshiruv o‘tkazgan.
Surishtiruv davomida 2005 yilda tug‘ilgan U.M. avtomobilga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmagan va ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatib voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan. Xodimlar uni qo‘lga olib, Olmazor tumani IIO FMBga olib borgan.
Keyinchalik tekshiruv natijasida avtomobil U.M.ning akasi R.M.ga tegishli ekani aniqlangan. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194 va 195-moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. To‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman sudiga yuborildi.