Fuqaro Gaynijamol Abduvaliyeva 41 yildan buyon Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Muqimiy nomidagi mahallaning Bunyodkor ko‘chasida 45-uyda yashab kelmoqda. Ammo uning mazkur uy-joyga egalik huquqini belgilovchi hujjati yo‘qligi bois, qariyb yarim asrdan beri ushbu muammodan aziyat chekadi.
Gap shundaki, bundan 44 yil muqaddam, aniqrog‘i, 1974 yil 1 iyunda G.Abduvaliyeva ushbu uy-joyni fuqaro SH.Sulaymonovadan 1000 rublga sotib olgan. O‘sha paytlar o‘zaro kelishuvga binoan guvohlar ishtirokida sotib olingan uy fuqaro SH.Sulaymonovaning turmush o‘rtog‘i S.Ablyazizovning nomida ekani, qolaversa, ushbu oila o‘z yurti Qrimga ko‘chib ketgani bois, tegishli notarial hujjatlarni imzolash imkoni bo‘lmagan. Noiloj G.Abduvaliyeva oradan 3 yil o‘tib, yangi uyiga ko‘chib o‘tgan va mana, 41 yildirki, ushbu uyda yashab, barcha kommunal va soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab keladi.
Uyning oldi-sotdisi, uni farzandlarga meros qoldirish, ro‘yxatda turish, xullas, uy bilan bog‘liq har qanday harakat uchun hujjat zarur. G.Abduvaliyevada esa o‘sha hujjat yo‘q. Shularni o‘ylab, fuqaro G.Abduvaliyeva sudga murojaat qilgan. Uning uyga egalik huquqini belgilashni so‘rab yozgan arizasi 2018 yil 14 may kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan va sudda fuqaroning da’vo talabi rad qilingan. Shundan so‘ng fuqaro G.Abduvaliyeva Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudiga qayta murojaat qilgan.
Yangiyo‘l shahar hokimligida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida ushbu murojaat yuzasidan ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. G‘.Vohidov raisligida o‘tgan sud majlisida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi kassasiya instansiyasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining 2018 yil 14 maydagi hal qiluv qarorini bekor qilib, G.Abduvaliyevaning uy-joyga egalik huquqini belgilash haqidagi da’vo talabini qanoatlantirish yuzasidan ajrim chiqardi.
Inson ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak. Prezidentimiz ilgari surgan ushbu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, G.Abduvaliyeva ham o‘z uyining huquqiy jihatdan haqiqiy egasiga aylandi. Odil sud hukmi bilan yana bir fuqaroning bugungi kunidan roziligi ta’minlandi.
Manba: darakchi.uz