2018 yil dekabr oyida Xalq ta’limi vazirligining Huquqiy nazorat Xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi 31-maktabning pedagog xodimlarini obunaga majburlanayotganlik holati bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar qildi.
O‘rganish jarayonida maktab direktori ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarga dekabr oyidagi maoshlari hisobidan 200 ming so‘mdan, shuningdek, sinf rahbarlaridan esa belgilangan 200 ming so‘mdan tashqari yana qo‘shimcha 300 ming so‘mdan (kerak bo‘lsa ota-onalardan yig‘ib) gazeta va jurnallarga majburiy obuna bo‘lishlarini bir necha bor ta’kidlaganligi aniqlandi. Lekin oylik ish haqi berilmaganligi sababli obunaga pul yig‘ilmagani, direktor tomonidan haqiqatan ham obunaga majburlash sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv jarayonida mutasaddilar tomonidan maktab rahbari hamda jamoaga majburiy obuna uchun pul yig‘ish noqonuniy ekanligi haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, 31-sonli maktab direktoriga o‘qituvchilarni obunaga majburlagani uchun mehnat qonunchiligiga ko‘ra chora ko‘rildi.
Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi hududiy rahbarlarni ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini buzilishini oldini olish bo‘yicha alohida e’tibor qaratishlarini so‘raydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli nazorat organlari tomonidan tekshiruvini cheklash, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilarni jalb qilish, turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta’kidlangan.
Manba: uz24.uz