Germaniya terma jamoasi va Madridning «Real» klubi sobiq yarim himoyachisi Toni Kroos portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduni himoya qildi.
So‘nggi vaqtlarda 41 yoshli futbolchining Portugaliya milliy terma jamoasi safidagi o‘yinlari tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Kroos esa sobiq klubdoshining hali ham yuqori saviyada harakat qilayotganini ta’kidladi.
«Krishtianu asosiy tarkibda mashhur ismi tufayli o‘ynamayapti. U hozirgacha jarima maydonchasidagi eng yaxshi hujumchi bo‘lib qolayotgani uchun asosiy tarkibda maydonga tushmoqda», — deya Kroosning so‘zlarini keltiradi Madrid Xtra o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Toni Kroos va Krishtianu Ronaldu 2014–2018 yillar davomida «Real» safida birgalikda to‘p surgan.
Ular shu davrda ketma-ket uch marta UYEFA Chempionlar ligasi g‘olibiga aylangan.
Ronaldu hozirgacha Portugaliya terma jamoasi tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida rekordni saqlab kelmoqda.