Kappadokiyaning markazida joylashgan tarixiy Ortahisar qishlog‘i Xalqaro Cittaslow (Sekin shaharlar) tarmog‘iga rasman a’zo sifatida qabul qilindi. Uzoq va puxta tayyorgarlik jarayonidan so‘ng Ortahisar rekord darajadagi ball to‘plab, barqaror shahar rivoji hamda betakror madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarida muhim bosqichga erishdi. Shaharning Cittaslow tarmog‘iga qo‘shilishi bilan Turkiyadagi sekin shaharlar soni 29 taga yetdi.
Ortahisar: tarixiy meros va sokin hayot uyg‘unligi
Urgupdan taxminan 6 km uzoqlikda joylashgan Ortahisar Forbes jurnalining 2025 yilgi “Dunyoning eng go‘zal 50 qishlog‘i” ro‘yxatiga kiritildi. Shahar o‘ziga xos qoya me’morchiligi, qadimiy qal’asi hamda osmon uzra parvoz qiluvchi issiq havo sharlariga boy betakror manzaralari bilan ajralib turadi.
Shahar markazida Xet davriga oid Ortahisar qal’asi qad ko‘targan. Mazkur inshoot mintaqaning eng baland nuqtalaridan biri sifatida Kappadokiyaning hayratomuz manzaralarini keng panoramada namoyon etadi. Qoyatosh ichiga o‘yib barpo etilgan bu qadimiy majmua murakkab g‘orlar, kaptarxonalar va labirintsimon tunnellar tizimidan iborat bo‘lib, ko‘pchilik tomonidan “dunyodagi eng qadimiy ko‘p qavatli turar-joylardan biri” sifatida e’tirof etiladi. Qal’a atrofida Kappadokiyaga xos mahalliy me’morchilikning noyob namunalari mujassam. O‘rik rastalari, atirgul ifori taralib turadigan choy bog‘lari va tosh yotqizilgan ko‘chalar sayyohlarni manzarali vodiylar sari yetaklaydi.
O‘rtahisar shuningdek, Sarija, Jambazli, Tavshanli, Bolqon Deresi cherkovlari va Hallach deresi monastiri kabi e’tiborga molik diniy yodgorliklarga ham ega.
Turkiyada Cittaslow tarmog‘ining kengayishi
Cittaslow harakati globallashuv natijasida shahar hayotining bir xillashib, uning o‘ziga xos qiyofasi yo‘qolib borayotgani haqidagi xavotirlarga javoban yuzaga kelgan. Ushbu tarmoqqa mansub shaharlarda hayot sokin sur’atda kechadi, mahalliy oshxona, me’morchilik, an’analar va tarixiy meros esa ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylanadi.
Turkiyada Cittaslow tarmog‘i 2009 yilda Seferihisarning ushbu harakatga birinchi turk shahri sifatida qo‘shilishi bilan shakllandi. Shundan buyon yangi shaharlarning a’zo bo‘lishi natijasida tarmoq izchil kengayib bormoqda.
Bugungi kunda Cittaslow Turkiya mamlakatning yetti mintaqasidagi 24 viloyatda joylashgan 29 tumanni qamrab oladi. Bu esa Turkiyaning boy madaniy merosi va mahalliy o‘ziga xosligini asrab-avaylash borasidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Turkiyaning 29 ta Cittaslow shahri qatoriga Ahlat, Akyaka, Arapgir, Chameli, Demre, Daday, Eg‘irdir, Finike, Focha, Go‘kcheada, Gerze, Go‘ynuk, Gudul, Halfeti, Ibradi, Iznik, Kemaliye, Ko‘yjeg‘iz, Mudurnu, Ortahisar, Pershembe, Safranbolu, Sarko‘y, Shavshat, Seferihisar, Uzundere, Vize, Yalvach va Yenipazar kiradi.