Joriy yilda 1-kursda tahsil olayotgan, ijarada yashaydigan talabalarga, istisno tariqasida, sentyabr va oktyabr oyi ijara to‘lovlarining 50 foizi, Toshkent shahrida BHMning 1 baravarigacha (hozirda 300 ming so‘m), qolgan hududlarda esa BHMning 0,5 baravarigacha (hozirda 150 ming so‘m) hech qanday ijara shartnomasi talab etilmasdan to‘lab beriladi. Bu haqda Yoshlar ishlar agentligi raisi Alisher Sa’dullayev xabar qildi.
Ijara shartnomasini taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Hukumat qarori bilan 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga (qonuniy vakillariga) tegishli bo‘lmagan uyda ijarada yashaydigan talabalarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi budjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilandi.
Mazkur imkoniyatdan foydalanish uchun ijarada turadigan talabalar o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.