Bugun 11 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Tailand qirolichasi qiruvchi samolyotni ilk bor mustaqil boshqardi

Tailand qirolichasi qiruvchi samolyotni ilk bor mustaqil boshqardi

Tailand qirolichasi Sutxida Shvesiyada ishlab chiqarilgan JAS 39C Gripen ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotida ilk mustaqil parvozini amalga oshirdi. Bu haqda «Bangkok Post» gazetasi xabar berdi.

Parvoz Tailandning Surattxani viloyatidagi Harbiy-havo kuchlari bazasida amalga oshirilgan. Parvoz oldidan bo‘lajak uchish rejasi muhokama qilingan brifingda qirol Maxa Vachiralongkorn (Rama X) ham ishtirok etgan. Muvaffaqiyatli qo‘nishdan so‘ng qirol qirolichani kutib olib, unga guldasta topshirgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, qirolicha Sutxida katta uchuvchilik tajribasiga ega. U 2010 yil 13 may kuni Cessna T-41D samolyotida tayyorgarlikdan o‘tganidan so‘ng ilk uchuvchilik lisenziyasini olgan. Uning turli havo kemalaridagi umumiy parvoz vaqti 1 188 soatga yetgan. Bu vaqt ichiga Boeing 737-400 va Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyotlaridagi 480 soatdan ortiq parvozlar ham kiradi.

Qirolicha bir o‘rinli qiruvchi samolyotda mustaqil uchishga Saab JAS 39D Gripen ikki o‘rinli o‘quv-jangovar samolyotida tayyorgarlik ko‘rgan va unda 10 soatdan ortiq parvoz qilgan.

Shuningdek, Sutxida qirollik vazifalari doirasida qirolga ichki va xalqaro reyslarda hamrohlik qilib, ikkinchi pilot sifatida ham faoliyat yuritib keladi.

Kiritildi: 22:14 10.10.2026. O'qildi: 781 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!