Kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati FHDYo bo‘limlaridan biri bilan bog‘liq video tarqaldi. Unda FHDYo bo‘limi mudirasi N. N. bilan fuqaroning audio-suhbatlari keltirilgan.
Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishidan avval ushbu mazmundagi murojaat Agentlikning 1148 ishonch raqami orqali kelib tushgan va ma’lumot tarqalishi kuniga mazkur muammo hal etilib bo‘lgan edi.
Murojaat kelib tushganidan so‘ng, Agentlik mas’ullari tomonidan o‘sha zahotiyoq holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada, 5 iyun kunidan FHDYo mudirasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, N. N. lavozimidan ozod etildi.
FHDYolar Agentlik tasarrufiga o‘tganiga hech qancha vaqt bo‘lmaganiga qaramasdan, bugungi kunda FHDYo bo‘limlarida undirilayotgan to‘lovlarni amalga oshirishda avtomatlashtirilgan «Billing» tizimi joriy etildi.
Bu esa, mablag‘lar faqatgina rasmiy bank hisob raqamlariga kelib tushib, ortiqcha to‘lovlarni oldini olishga xizmat qiladi. Pullar to‘liq tushayotganligi va qayerga sarflanishi tizim orqali nazorat qilinadi. Shuningdek, bugungi kunda FHDYo bo‘limlari moddiy-texnik bazasi hamda kanselyariya mollari bilan to‘liq ta’minlanmoqda.
Hozirda soha xodimlarining mehnatiga adolatli haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda.