Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Suriya davlat televideniyesiga ko‘ra, sulh bitimi 14 banddan iborat kengroq kelishuvning bir qismi hisoblanadi. Ushbu kelishuv kurdlarning Suriya Demokratik Kuchlarini Suriya armiyasi va davlat institutlariga integrasiya qilishni nazarda tutadi.
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a kelishuv Suriya davlat institutlariga sharqiy va shimoliy uch viloyat — Hasaka, Deyr az-Zor va Raqqa ustidan nazoratni qayta tiklash imkonini berishini aytdi.
Bu bayonot ash-Shar’aning Damashqda AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak bilan uchrashuvidan so‘ng yangradi. Barrak kelishuvni “yagona Suriya” sari tashlangan qadam sifatida yuqori baholadi.
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a va Suriya Demokratik Kuchlari qo‘mondoni Mazlum Abdi tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq, Suriya hukumati fuqarolik muassasalari, chegara o‘tish punktlari hamda neft va gaz konlarini boshqarishni o‘z zimmasiga oladi.
Suriya Demokratik Kuchlarining harbiy xizmatchilari va xavfsizlik xodimlari Suriya mudofaa va ichki ishlar vazirliklariga integrasiya qilinadi. Damashq esa o‘n minglab ISHID jangchilari va ularning oilalari saqlanayotgan qamoqxonalar hamda lagerlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Shuningdek, Damashq kurdlarning madaniy va til huquqlarini tan olish majburiyatini tasdiqladi. Bunga kurd tiliga rasmiy til maqomini berish va kurd Yangi yilini (Navro‘z) milliy bayram deb e’lon qilish kiradi. Bu — 1946 yilda Suriya Fransiyadan mustaqillikka erishganidan beri mamlakatdagi kurdlar huquqlarining ilk bor rasmiy tan olinishi hisoblanadi.
Kelishuv, shuningdek, Suriyaning AQSh boshchiligidagi ISHIDga qarshi koalisiyadagi ishtirokini ham tasdiqlaydi.