Evropa Chempionlar Ligasining 2025/26-yilgi mavsumida 1/4 final bahslari yakunlanib, yarim finalchilar nomi ma’lum bo‘lgach, Opta Analyst tahliliy markazi turnir g‘olibligi uchun imkoniyatlarni qayta hisoblab chiqdi.
Superkompyuter taxminlariga ko‘ra, ayni damda bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogar sifatida Angliyaning “Arsenal” jamoasi ko‘rilmoqda. Londonliklarning chempionlik imkoniyati 38,6 foizga baholangan. Kuchli uchlikdan esa Myunxenning “Bavariya” (33,3 foiz) hamda “PSJ” (19,1 foiz) jamoalari joy olgan. Yarim finalning eng autsayder jamoasi sifatida Madridning “Atletiko” klubi qayd etildi — 9 foiz.
Opta talqiniga ko‘ra imkoniyatlar (16 aprel holatiga):
“Arsenal” (Angliya) — 38,6 foiz;
“Bavariya” (Germaniya) — 33,3 foiz;
“PSJ” (Fransiya) — 19,1 foiz;
“Atletiko” (Ispaniya) — 9 foiz.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning yarim final bosqichida “PSJ” - “Bavariya” hamda “Atletiko” - “Arsenal” juftliklari o‘zaro bahs olib boradi. Dastlabki uchrashuvlar 28 va 29 aprel kunlari bo‘lib o‘tsa, javob o‘yinlari 5–6 may sanalariga belgilangan. Joriy mavsumning final uchrashuvi 30 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkaziladi.