Chirchiq shahrida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi kassasiya instansiyasining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining fuqaro Tojiniso Nabiyevaga uy-joyga egalik huquqini belgilash haqidagi hal qiluv qaroriga nisbatan Chirchiq shahar prokurori tomonidan keltirilgan kassasiya protesti ko‘rib chiqildi.
Chirchiq shahar Sportchilar ko‘chasidagi 36-uyning 2-xonadoni aslida marhuma A.Belyayevaga tegishli bo‘lib, u 1994 yilda vafot etganidan so‘ng uy egasiz qoladi. Mahalla faollari tomonidan 1996 yilda ushbu xonadonning qarovsiz qolgani va marhumaning qarindosh-urug‘lari topilmagani sababli uy-joyga muhtoj bo‘lgan fuqaro T.Nabiyeva mazkur uyga kiritiladi.
– Qariyb 22 yildan buyon ushbu xonadonda yashayman, – deydi T. Nabiyeva. – O‘tgan mana shu yillar mobaynida xonadonning kommunal va soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab keldim. Uyga egalik huquqi belgilash yuzasidan sudga murojaat qildim.
2018 yil 24 yanvar kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudi tomonidan T.Nabiyevaning arizasi ko‘rib chiqiladi va sud tomonidan fuqaroga o‘zi istiqomat qilib kelayotgan uyga nisbatan egalik huquqi belgilanadi.
Keng jamoatchilik, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tgan ochiq sayyor sud majlisida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi kassasiya instansiyasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2018 yil 24 yanvardagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilishi yuzasidan ajrim qabul qildi.
Manba: uza.uz