Smotrichning aytishicha, Misrni Isroilga hujum qilishdan tiyib turadigan omillardan biri bunday harakat Sinay ustidan nazoratning yo‘qotilishiga olib kelishi mumkinligini anglash bo‘ladi.
Uning bu bayonoti 1973 yil 6–24 oktyabr kunlari davom etgan «Qiyomat kuni urushi» yilligi arafasida yangradi. Urushdan keyin Sinay yarimorolini Misrga qaytarish jarayoni boshlangan.
Smotrichning so‘zlari Misrda keskin reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Misrlik jurnalistlar, deputatlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uning bayonotini tanqid qildi.
Teleboshlovchi Ahmad Musa Sinay Misr uchun «qizil chiziq» ekanini ta’kidlab, Isroilning yarimorolga nisbatan har qanday tajovuzi og‘ir oqibatlarga olib kelishini bildirdi.
Misrlik jurnalist va deputat Mustafo Bakri ham Smotrichni Sinayni egallab olish bilan tahdid qilishda ayblab, Misr armiyasi mamlakat milliy xavfsizligiga har qanday tahdidga qarshi turishga tayyor ekanini aytdi.
Misr rasmiylari Smotrichning bayonotini hozircha bevosita izohlamagan. Biroq prezident Abdulfattoh as-Sisi avvalroq mamlakat Qurolli kuchlari Misr, uning resurslari va milliy xavfsizligini har qanday vaqt va sharoitda himoya qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Misr va Isroil 1979 yilda tinchlik shartnomasini imzolagan. Kemp-Devid kelishuvlari asosida tuzilgan ushbu shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi urush holatiga barham berib, Isroil qo‘shinlarining Sinay yarimorolidan chiqarilishini nazarda tutgan.