Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin BRIKS sammitida davlatlarni boshqa mamlakatlarning suverenitetini buzish va ularning ichki ishlariga aralashishga qarshi chiqishga chaqirdi. Sammit Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, shuningdek, Vladimir Putin va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham ishtirok etdi.
Ayni paytda sammit ishtirokchilari BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullanmagan bir tomonlama sanksiyalarni tanqid qildi. Bayonotda muayyan davlatlar nomi tilga olinmagan. Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaga bosqin qilganidan keyin G‘arbning keng ko‘lamli sanksiyalari ostida qolmoqda.
Si Szinpin, shuningdek, BRIKS davlatlari Yaqin Sharqdagi urushni hal qilish jarayonida yanada faol ishtirok etishi kerak, deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi mojaro «xalqaro hamjamiyat manfaatlariga javob bermaydi».
Yakuniy bayonotda yetakchilar fuqarolik infratuzilmasi va MAGATE nazorati ostidagi tinch yadroviy ob’ektlarga «maqsadli zarbalar» berilganidan xavotir bildirdilar.
Ehtimol, bu bayonotda AQSh va Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalari tanqid qilingan.