AQSh prezidenti Donald Tramp Shvesiya media makonida eng ko‘p tilga olinayotgan shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda. Uning ilk prezidentlik davrida ham bir necha yil davomida ommaviy axborot vositalarining asosiy e’tiborida bo‘lgan edi, hozir esa yana shu o‘ringa qaytdi, deb yozadi AZƏRTAC.
Retriever tadqiqot kompaniyasi TT axborot agentligi buyurtmasi bilan o‘tkazgan tahliliga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan iyuligacha Trampning nomi 125 ming marta tilga olingan. Bu ko‘rsatkich Shvesiyadagi barcha partiya yetakchilari haqida aytilgan sondan ikki barobar ko‘p.
Masalan, Shvesiya bosh vaziri Ulf Kristersson haqida shu vaqt ichida taxminan 25 mingta maqola chop etilgan. Barcha shved partiya yetakchilari haqida umumiy hisobda 51 ming material nashr etilgan.
Geteborg universiteti media tahlilchisi Mariya Grusselning ta’kidlashicha, bu holat Trampning jahon siyosatdagi ta’siri va o‘ziga xos, ravshan nutq uslubi bilan bog‘liq. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va keskin bayonotlari uni doimiy ravishda yangiliklar markazida ushlab turadi.
“U juda polyarizasiya qiluvchi shaxs – Tramp haqidagi fikrlar yo qora, yo oq. U o‘z fikrini ochiq aytadi va mutlaqo «sabrli» shved siyosatchisiga o‘xshamaydi. Shvesiya siyosatchilari esa AQSh siyosatchilari bilan solishtirganda ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Hatto ayrim shved siyosatchilari Trampning nutq uslubini takrorlashga harakat qiladi”, – deydi Grussel.
Tadqiqotchiga ko‘ra, bunday «axborot ustunligi» shved siyosatchilari uchun jamiyat e’tiborini jalb etishni qiyinlashtiradi. U Trampning harakatlarini chuqurroq tahlil qilishga, faqat so‘zlarini takrorlamay, OAVga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.