O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan 15 may kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Tadbir davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiyot, investisiya, transport-kommunikasiya va ekologiya sohalarida hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, innovasion texnologiyalarni joriy etish va sun’iy intellektni amalda qo‘llash borasida yanada kengaytirish xususida so‘z yuritiladi.
Delegasiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qiladilar.
Tadbir yakunida Turkiston deklarasiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan.