Bugun 19 mart, 2024 yil, seshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev paxta termoqda (FOTO)

Shavkat Mirziyoyev paxta termoqda (FOTO)

Prezident Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi «Angor Surxon g‘ururi» paxta-to‘qimachilik klasteri dalasida paxta hosilini ko‘zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari bu haqda 2018 yil yanvarda viloyatga safari chog‘ida ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosida Surxondaryoda 6 ta to‘qimachilik klasteri tashkil etildi. Ular jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodini qamrab olgan. 2020 yilda bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Klaster tizimi sohaga zamonaviy texnologiyalar va innovasion ishlanmalarni joriy qilishda muhim omil bo‘lmoqda. «Angor Surxon g‘ururi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham yangi ish uslubi asosida hosildorlik va mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshirilmoqda. Klasterning jami maydoni 9 ming 180 gektar bo‘lib, shundan 8 ming 100 gektaridan ko‘prog‘iga ekin ekiladi. Jumaladan, bu yil qariyb 5 ming gektar yerda ingichka tolali paxta yetishtirilgan.

Yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan «Surxon-14», «Surxon-16» navlari ikki yil mobaynida tajribadan o‘tkazildi. Ingichka tolali bu nav ekstremal ob-havo sharoitlariga, suvsizlik, garmsel va zararkunda hasharotlarga chidamliligi, ertapisharligi bilan ahamiyatli. Tolasining uzunligi, pishiqligi, tekstilbopligi jahon bozorida xaridorgir hisoblanadi. Boshqa navlar bilan mehnat va resurs sarfi bir xil bo‘lgani holda ingichka tolaning iqtisodiy samaradorligi 60 foiz ko‘p bo‘ladi.

- Biz yerimizga, sarflanayotgan xarajatga nisbatan kam hosil olyapmiz. Nav bilan, ilmiy agrotexnika bilan shug‘ullanmay qo‘ygandik. Mehnat unumdorligi, manfaatdorlik past edi. Aslida yerga mehr bergan inson boy bo‘lishi kerak. Bizning maqsadimiz shu. Ilm bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yana bir muhim omil - bu yil zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish uchun davlat byudjetidan 120 milliard ajratilgan edi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida bu ishlarga 13 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Shu yerda bo‘lgan muloqot chog‘ida fermer va mutaxassislar bu choralar yaxshi natija berganini, mo‘l hosil saqlab qolinganini bildirishdi.

Prezident ingichka tolali g‘o‘za navlarini ko‘paytirish va ekin maydonlarini kengaytirish, olimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Klasterlar faoliyatini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida aytib o‘tildi.

- Endi hamma klasterlar chorvachilik komplekslari tashkil qiladi. Chunki ularda ozuqa bazasi bor. Chorvachilik rivojlansa, go‘sht, sut arzon bo‘ladi. Bu xalqimiz farovonligi, bolalarimiz salomatligi uchun muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Bugungi kunda klasterda 900 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Kelgusida qayta ishlashni kengaytirish orqali yanada ko‘p ish o‘rni ochish rejalashtirilgan.

Kiritildi: 14:59 17.10.2019. O'qildi: 12692 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!