Bugun 16 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev — bemor otasini parvarishlagan farzand (voqeiy hikoya)

Shavkat Mirziyoyev — bemor otasini parvarishlagan farzand (voqeiy hikoya)

– Otaning o‘z o‘g‘liga, yoki o‘g‘ilning o‘z otasiga mehribonligi tabiiy hol. Bu tabiiylik, Xudoning kalomi orqali odob-axloqning eng go‘zal ko‘rinishi deb e’tirof etilgan. Ammo hamma o‘g‘il ham otasiga mehribonmi, hamma ota ham o‘g‘liga mehribonmi? – deya, bo‘lib o‘tgan bir voqeani so‘zlab bergan edi Sirdaryo elining hurmatli oqsoqoli Abdullajon Turdiqulov. – Bu olatasir zamonda, bir-biri bilan yoqalashayotgan, bir-biri bilan sudlashayotgan ota va o‘g‘ilni ko‘rdik. Yumshoqroq aytsak, xaj safariga ketayotgan otasini kuzatmagan o‘g‘ilni ko‘rdik, bir yilda bir ota holidan xabar olmagan o‘g‘ilni ko‘rdik, hali ota tirik turib, mol-mulkini talashayotgan o‘g‘ilni ko‘rdik. Bularni ko‘raverganingizdan keyin otani boshiga ko‘tarib yurgan mard o‘g‘illar ko‘zingizga chaqmoqday ko‘rinar ekan. Dunyoda otasining duosini olmagan odamning biri hechqachon ikki bo‘lmaydi. Kimki unib o‘ssa ota duosi tufayli unib o‘sadi. Shavkat Miromonovich shunday, otasining duosini olgan yigit.
Shavkatning otasi Miromon aka suhbati shirin, dilkash va muloyim kishi edi. Soatlab o‘tirib diydorlashsangiz suhbatiga to‘ymas edingiz.
Men, Miromon aka bilan xukumat stasionarida o‘n besh kun davolandim. Shunda, qishloqdan chiqqan oddiy yigitning bu qadar katta martabaga erishishining, qiyinchiliklarni, to‘siqlarni, yengib bo‘lmas qarama-qarshiliklarni yengib o‘tishining sabablarini topganday bo‘ldim. Shavkat, og‘ir ahvolda qimirlolmay, o‘rnidan turolmay qolgan otasining qo‘lini bir zumga qo‘yib yubormay, yonida o‘n besh kun o‘tirdi. O‘zi, otasining qurib qolgan lablariga ho‘l ro‘molcha bosdi, o‘zi yuzlarini yuvib qo‘ydi, turg‘izib cho‘miltirdi, tahoratini yangilab turdi, otasining ko‘zidan ko‘zini uzmay yupatdi, o‘zi yig‘ladi, mehru-muhabbatini tinmay izhor qildi. Bosh vazirning bu qadar mehribonchiligini ko‘rib shifoxonada yig‘lamagan odam qolmadi. Holbuki, bu ishlarni qilishga yuzlab hamshiralar, shifokorlar, shifoxona rahbarlari shay turardi. Shavkat, farzandlik burchim deb, bu yumushlarni barini o‘zi qildi, hech kimni yaqin yo‘latmadi. Miromon aka, to so‘nggi nafasigacha o‘g‘lini duo qildi: – Iloho, unib-o‘sgin, elimizga, millatimizga xizmat qiladigan yigit bo‘lgin, balo-qazolardan nari bo‘l, go‘rimda ham to qiyomatgacha duo qilaman. Men sendan roziman, sen bilan faxrlanaman, sen dunyodagi eng yaxshi o‘g‘ilsan…-deya jon berdi.
Abdullajon aka menga bu voqealarni so‘zlab berganiga qariyb o‘n yil bo‘lyapti. Menday, otasini erta yo‘qotgan, otasini qo‘liga bir marta suv quyishga zor bo‘lib, armonda yurgan inson uchun bu hikoya hech qachon unutilmasdir.
Shavkat Miromonovichning insoniy fazilatlariga keyinchalik o‘zim ham bir necha bor guvoh bo‘ldim.
Tabiiyki, har bir inson beixtiyor holatda rahbariyatning o‘z qavmdoshlariga, kasbdoshlariga yaxshi yomon munosabatini kuzatib turadi. Bu holatdan men ham istisno emasman. Rahbariyatning shoir va yozuvchilarga, ustozlarimizga munosabatini hamisha kuzatib kelaman.
Shavkat Miromonovichning yorqin iste’dodli shoir, jondan sevgan akam Muhammad Yusufning 60 yilligi tantanalarida shaxsan o‘zi ishtirok etishi, yozuvchi-shoirlar bilan dildan suhbati, yaxshi-yaxshi asarlar yozishga undashi bu odamga nisbatan ijodkorlar qalbida bir umrlik muhabbat uyg‘otdi. Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni, ulug‘ ustoz Erkin Vohidov vafot etganlarida janoza marosimlarida qatnashishi, Erkin Vohidovning o‘g‘li Xurshidjonga ta’ziya izhor qilishi, yeru-ko‘kka sig‘may ohu-nola chekayotgan Gulchehra opaga taskin so‘zlar aytib, dalda bo‘lishi, g‘amgusorlik bildirishi, ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishi, O‘zbekiston Bosh vazirlarining birortasi shu paytgacha qilmagan hodisalar edi.
Aniq esimda, Shavkat Miromonovich Erkin Vohidov bilan tashqarida emas, ichkarida, hali marhum uydalik paytida, butun oila-a’zolari, yaqinlar, qarindosh-urug‘lar vidolashayotgan paytda, ichkariga kirib xayrlashgan, rozi-rizolik so‘ragandi. (Aytishlaricha, Shavkat Miromonovich O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, buyuk yurtboshimiz Islom Karimov vafot etganlarida ham, g‘assollar bilan birga bo‘lgan, g‘assollarga suv tashib turgan ekan.)
Shavkat Miromonovichning Erkin Vohidovga, Halima Xudoyberdiyevaga, Muhammad Yusufga ko‘rsatgan ehtiromlari, shaksiz shubhasiz adabiyotimizga bo‘lgan ehtirom, adabiyotni sevishlariga yorqin misoldir.
Ushbu hikoyani, O‘zbekiston Qahramoni, bugungi kun o‘zbek she’riyatining qiroli Abdulla Oripovning quyidagi so‘zlari bilan yakunlamoqchiman:
– Shavkat Miromonovich adabiyotni, xususan she’riyatni nihoyatda qadrlaydi. Tanishganimizga yigirma yillar bo‘lgan bo‘lsa hechqachon meni e’tiborsiz qoldirmagan. Hamisha holimdan xabar olgan. Og‘ir kunlarimda yelkadosh bo‘lgan, shodmon kunlarimda birga quvongan. Katta rahbar vazifasidagi sadoqatli do‘stni topish nihoyatda mushkul. Do‘stlar odatda rahbar bo‘lgach do‘stlarni unutib yuboradi. Shavkat Miromonovichda esa aksincha, rahbar bo‘lgach, do‘stlariga mehribonliklari yanada ortib ketdi. Umrimning yarmi shifoxonalarda o‘tdi. Goh shifo topdim, goh topolmadim. Juda qiynalib, ahvolim zaiflashib bir qultum nafasga zor bo‘lib qolganimda, jonimga Shavkat Miromonovich oro kirdi.
Bu kishining da’vati va moddiy ko‘magi bilan dastlab Turkiyada davolanib qaytdim, keyin Amerika Qo‘shma Shtatlarida davolandim. Mana hozir ham, Shavkat Miromonovichning moddiy ko‘magi, do‘stona g‘amxo‘rligi, mehribonligi sabab Qo‘shma shtatlarda davolanmoqdaman.
Men ham Shavkatjonni Miromon aka qanday duo qilgan bo‘lsa, xuddi shu tilaklarni aytib duo qilaman va umrimning oxirigacha qilgan barcha yaxshiliklari uchun ta’zim bajo keltiraman : – Iloho unib o‘sing, martabangiz ulug‘ bo‘lsin, elimizga, millatimizga, dinimizga xizmat qiladigan mard inson bo‘ling, sizni to ro‘zi qiyomatgacha duo qilaman, hech qachon g‘am ko‘rmang, Xudo sizni qo‘llasin!

MUHAMMAD ISMOIL, Xalqaro Robindranat Tagor mukofoti sovrindori, 2018 yil.

 

Kiritildi: 11:06 26.06.2019. O'qildi: 4847 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!