Amerikaning «Egrilik sari» serialidan ilhomlangan hindistonlik ikki o‘qituvchi yashirin narkolaboratoriya ochishdi.
35 yoshli repetitor (fizik) va 25 yoshli kimyo o‘qituvchisi (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ikkisi ham ximik) bir kvartirani ijaraga olib, uni narkolaboratoriyaga aylantirishadi va mef (mefedron) tayyorlashni yo‘lga qo‘yishadi.
Ikki oydayoq «foydaga chiqishdi»: 150 kilogrammgacha sintetik narkotik tayyorlashgani aytilmoqda. Sotilgan narkotikning qiymati 220 ming dollar atrofida baholangan.
Tergov payti ular «Egrilik sari» serialidan ilhomlanishgani, qarzlaridan qutulish uchun shu ishga qo‘l urishganiga iqror bo‘lishdi.
Bollivud Gollivuddan o‘g‘irlamasa ham bo‘ladi — tayyor ssenariy o‘zlaridan chiqdi.
Ma’lumot uchun: «Egrilik sari» («Breaking Bad») — AQShda suratga olingan televizion serial. Unda Albukerke shahrida yashovchi, o‘pka saratoniga chalingan va moddiy qiyinchilikda qolgan kimyo o‘qituvchisi Uolter Vayt (Brayan Krenston) bilan sodir bo‘lgan voqealar hikoya qilinadi. U o‘limidan oldin oilasining moliyaviy kelajagini ta’minlash maqsadida sobiq o‘quvchisi Jessi Pinkman (Aaron Pol) bilan birga metamfetamin tayyorlash va sotishni boshlab, jinoiy yo‘lga qadam qo‘yadi.