Prezidentimiz Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida Orolni qutqarish, uning qurigan hududida o‘rmonzorlar barpo etish, jumladan 2019 yilda 500 ming gektarlik o‘rmon yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Yangi yil arafasida ushbu ezgu ishga qizg‘in kirishildi. Bu yerda Qoraqalpog‘iston va respublikamizning barcha viloyatlaridan qishloq xo‘jaligi xodimlari, o‘rmonchi, seleksioner, mexanizator, harbiy xizmatchi va favqulodda vaziyatlar idoralari xodimlaridan iborat minglab mutaxassislar saksovul ekish ishlarini boshlab yuborishdi. Jumladan, Samarqand viloyatidan texnikalar, 40 nafarga yaqin mutaxassis va mexanizator jalb etilib, ayni kunlarda ular bu ezgu ishga kamarbasta bo‘lmoqda.
- Samarqand viloyat agroservis MTP mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 25 ta yuqori unumli texnika va 28 nafar tajribali mexanizator bilan o‘rmonzor barpo etish uchun yer tayyorlayapmiz, - deydi jamoa boshlig‘i, Paxtachi tuman agroservis MTP raisi Akmal Rahmatov. - Mexanizatorlarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shunga yarasha ish unumi yuqori. Asosan saksovul ekish uchun o‘q ariqlar olyapmiz. Bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solib, Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga o‘z hissamizni qo‘shamiz .
Bu yerda viloyatimizdan tajribali o‘rmonchilar va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 6 nafar mutaxassisi ham xayrli ishni amalga oshirishda astoydil xizmat qilmoqda.
Darvoqe, ular Yangi 2019 yilni dala boshida - maxsus ko‘chma kazarmada kutib olishdi. Bayramona tashkil etilgan tadbirda ilg‘orlarga sovg‘alar ulashildi, qoraqalpog‘istonlik san’atkorlar ijrosida diltortar qo‘shiqlar kuylandi.
Manba: zarnews.uz