Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Samarqandlik o‘qituvchini kaltaklagan zo‘ravonlar orasida ayollar ham bo‘lgan

Samarqandlik o‘qituvchini kaltaklagan zo‘ravonlar orasida ayollar ham bo‘lgan

Kaltak natijasida halok bo‘lgan samarqandlik o‘qituvchiga kuch ishlatgan zo‘ravonlarning uch nafari ayol bo‘lgan, deb xabar qilmoqda "Zarafshon" gazetasi viloyat IIV huzuridagi Tergov departamentidan olingan xabar asosida.

Xabarga ko‘ra, 20 noyabr kuni taxminan tungi soat 02:00 larda o‘qituvchi Izatullo o‘zining tanishi Maqsud bilan Asal ismli ayolga gap otishgan. Ayolning yonidagi ikki erkakdan biri Izatulloning yuziga bir urgan. Janjal boshlangach, Asal tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan va shundan so‘ng yana jami 6 nafar shaxslar kelishgan. Ularning ichida 2 nafari ayollar bo‘lgan.

Shundan so‘ng ular bir guruh bo‘lib, Izatullo va uning sherigi Maqsudni so‘kib haqoratlab, tanasining turli joylariga qo‘l-oyoqlari bilan urib-do‘pposlab tan jarohatlari yetkazishgan. 

Ko‘rilgan tezkor chora tadbirlar natijasida Izatulloga nisbatan jinoyatni sodir etgan shaxslardan 3 nafari ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Tez tibbiy yordam shifoxonasining birlamchi ma’lumotnomasiga ko‘ra, Izatulloga “bosh miya suyaklarining og‘ir sinishi” tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 20 noyabr kuni Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2019 yil 23 noyabr kuni Izatullo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan va shu kuni uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan hamda jinoyat ishi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.

Dastlabki tergov jarayonida 3 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston JKning 104-moddasi 3-qismi "d" bandi va 277-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan ayb e’lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va qolgan 6 nafar gumon qilinuvchilarga nisbatan tegishli ehtiyot choralarini qo‘llash masalasi ko‘rilmoqda.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Aniqlanishicha, marhum o‘qituvchi 2016 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlab, 2016 yil 2 sentyabr kuni Samarqand shahridagi 42-umumta’lim maktabiga rus tili fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishga kirgan. 2017 yil 25 sentyabr kuni ishdan bo‘shagan va RFga ishlash uchun ketib, 2018 yil avgust oyida qaytib kelgan.

2018 yil 3 sentyabr kuni yana shu maktabga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan hamda rus sinflariga tarix fanidan dars berib kelgan. Joriy yilning 17 oktyabr kunidan buyon ishdan bo‘shashligi haqida maktab direktorini og‘zaki ogohlantirgan va maktabga ishga bormay, shu vaqt mobaynida Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek va Shohruh ko‘chalari kesishuvchi chorrahasida somsa sotish bilan shug‘ullangan.

"Fuqarolarimizdan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov harakatlari yakuniga yetguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul izohlar berishdan saqlanishlarini so‘raymiz", deyiladi rasmiy xabarda.

 

Kiritildi: 12:28 30.11.2019. O'qildi: 3221 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!