Ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarga sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti berilgani aytilgan xabar tarqalgandi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar jarayonida 1-son DMTTda faoliyat yuritayotgan oshpazlarning ovqat pishirish texnologiyalariga amal qilmaganligi hamda e’tiborsizligi sabab kechki nonushtaga tayyorlangan shirin kulchalar (bulochkalar) kuydirib pishirilganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan buyurtmachi tomonidan autsorsing korxonasi rahbariyati ogohlantirilgan.
“Shuningdek, autsorsing tomonidan sifatsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berilganligi haqidagi xabar o‘z isbotini topmadi”, deyiladi xabarda.
Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sanepidqo‘mita tuman birlashmasi epidemiologi ma’lumotiga ko‘ra, 30 sentyabr sanasidan bugungi kunga qadar bog‘cha yoshdagi bolalarning ovqatdan zaharlanganligi bo‘yicha murojaat kelib tushmagan.