Xitoyning Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U boshchiligidagi delegasiya 5-6 sentyabr kunlari Samarqandda mehmon bo‘ldi.
Tashrifning dastlabki kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va janob Lin Uning uchrashuvida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashilgandi. 6 sentyabr kuni esa Samarqand xalqaro turizm markazida “Mehmondo‘st Shandun sifatli mahsulotlari bilan” nomli taqdimot hamda ko‘rgazma o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ikki mintaqa rahbariyati tomonidan tadbirkorlarga har tomonlama qulay sharoit va imkoniyatlar yaratib berilishini ta’kidladi.
– Biz kecha Shandun provinsiyasi rahbariyati va delegasiya a’zolari bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, investisiyaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikrlashib oldik, ikki tomon uchun ham manfaatli kelishuvlarga erishdik, – dedi E.Turdimov. – Bugun Samarqand O‘zbekistondagi jadal rivojlanib borayotgan hududlardan biri hisoblanadi. O‘z navbatida Shandun provinsiyasi ham Xitoyning yirik ishlab chiqarish, savdo va sanoat rivojlangan mintaqalaridan biridir.
Provinsiyaning yillik yalpi hududiy mahsuloti hajmi 1 trillion 300 milliard AQSh dollarini tashkil etadi va Xitoy mintaqalari orasida uchinchi o‘rinda turadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha esa birinchi o‘rinda. Bu tajriba biz uchun juda asqotadi va shuning uchun ham kecha viloyatimizning Paxtachi va Narpay tumanlarini Shandun tajriba asosida rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Umuman, xitoylik hamkorlarimizning Samarqandga tashrifi ikki tomon tadbirkorlari uchun istiqbolli hamkorlikda yangi sahifa ochadi. Biz Shandundan keladigan har bir ishbilarmon, investorni qo‘llab-quvvatlash va samarali ishlashi uchun sharoit yaratib berishga tayyormiz.
– Xitoy Xalq Respublikasi Raisi janob Si Szin Pin O‘zbekiston bilan hamkorlikka juda katta e’tibor qaratadi, – dedi Shandun provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Lin U. – Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari bir necha bor O‘zbekiston va Xitoyda uchrashib, aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Shu asosida mintaqalar o‘rtasida hamkorlikning rivojlanib borayotgani juda quvonarli. Jumladan, Shandun provinsiyasi va Samarqand viloyatining birodarlashgan hududlar sifatida savdo-iqtisodiy aloqalarimiz yil sayin kengayib borayotgani bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Samarqandga bu galgi tashrifimiz ham o‘zaro hamkorligimizda yangi sahifa ochishiga ishonamiz. Binobarin Samarqand O‘zbekiston iqtisodiyoti, tarixi va madaniyatida qanchalik muhim o‘rin tutsa, bizning provinsiya ham Xitoyda shunday maqomga ega.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun videomurojaat yo‘lladi. Taqdimotda viloyatimiz hamda Shandun provinsiyasi rahbariyati, turizm sohasi vakillari, tadbirkorlar so‘zga chiqib, hududlarning qishloq xo‘jaligi, sanoati, sayyohlik, mashinasozlik, kimyo texnologiyalari bo‘yicha mavjud imkoniyat va salohiyati haqida ma’lumot berdi.
Tadbir yakunida Samarqand viloyati Shandun provinsiyasi o‘rtasida 2023-2025 yillarda do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir memorandum imzolandi.