Pensiya jamg‘armasining Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ish stajini soxtalashtirish orqali nafaqa rasmiylashtirib berish evaziga pul olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro nafaqaga chiqish uchun shahardagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga borib, ishlagan davrini hisoblatganida 1,5 yil ish staji yetmagan. Shu yerda ushbu fuqaroga o‘zini bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari etib tanishtirgan shaxs yetmagan ish stajini soxtalashtirish orqali to‘g‘irlash va nafaqa rasmiylashtirib berish uchun undan 300 dollar talab qilgan. Fuqaro 18 iyul kuni Samarqand shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, ushbu shaxsga nisbatan chora ko‘rishlarini so‘ragan.
Arizaga asosan viloyat IIB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda shahar prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida jamg‘arma mas’uli ariza muallifidan 300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.