Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Samarqandda bolani kaltaklagan bog‘cha mudirasi ishdan ketadi

Samarqandda bolani kaltaklagan bog‘cha mudirasi ishdan ketadi

Joriy yil 17-yanvar kuni maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchi bolaning qo‘llari va yuziga ayol kishining urayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, holat Bulung‘ur tumanidagi 13-MTTda sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Biroq 17-yanvar yakshanba, ish kuni bo‘lmaganligi sababli holat 18 yanvar dushanba kuni Bulung‘ur tuman hokimligi va viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan joyida o‘rganildi.

O‘rganish davomida tashkilot mudirasi Ahrorova Rohatoy 2-tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchi M.SH.ning ruhiyatiga bosim o‘tkazib, qo‘llari va yuziga urganligi aniqlandi. Ushbu video MTT psixologi N.Atabayeva tomonidan tasvirga olingan bo‘lib, tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga tarqatgan. Voqea sodir bo‘lgan kuni guruh tarbiyachisi Mahkamova Dilfuza soat 12:20 da ishga kelganligini hamda voqea sodir bo‘lgan vaqtda ishda bo‘lmaganligini o‘z tushuntirish xatida ma’lum qildi. Shuningdek, o‘rganishlar davomida tashkilot direktori R.Axrorovaning yuragi xuruj qilganligi bois “Do‘stlik” tez tibbiy yordam brigadasining kunduzgi guruh vrachi va hamshirasi chaqirildi.

R.Ahrorova tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan shifoxonaga olib ketilganligi sababli ta’lim tashkiloti mudirasi vazifasini vaqtincha bajarish oliy ma’lumotli tarbiyachi Mardiyeva Dilraboga uning roziligi asosida yuklatildi.

Samarqand viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan R.Ahrorovaga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda “Mehnat shartnomasi”ni bekor qilish choralari ko‘rilishi belgilab olindi.

Tizimda kelgusida bunday salbiy holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i SH.Raxmonov, tuman hokimligi va prokuraturasi tomonidan tumandagi barcha MTT direktorlari xamda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

 Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Xususan, SH.M.ning qo‘llari va yuziga urilganligi holati yuzasidan sudga oid ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi xulosasi va ekspertiza javobi olinganidan so‘ng, yakuniy huquqiy baho beriladi.

Kiritildi: 11:00 19.01.2021. O'qildi: 2774 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!