Samarqandda 6 yashar bola noma’lum shaxs tomonidan otasining pichoqlanishiga guvoh bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida shu yil 15 dekabr kuni noma’lum shaxs fuqaro J.E.ning uyiga o‘g‘irlik qilish maqsadida kirgan. U mehmonxonadagi shkaflarini titayotganida, J.E.ning 6 yoshli o‘g‘li uni ko‘rib qolgan. Shunda noma’lum shaxs bolani pichoq bilan qo‘rqitib, Samsung rusumidagi mobil telefoni va mayda kupyuralardagi pullarini olib, qochib ketayotganida J.E. uning orqasidan quvib yetib olib, ushlamoqchi bo‘lgan. O‘sha vaqt noma’lum shaxs J.E.ning chap yelkasiga pichoq bilan jarohat yetkazib, voqea joyidan yashiringan.
Natijada J.E.ga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Ishtixon tumanida yashovchi SH.X. sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. Tergov davom etmoqda.