Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Samarqand davlat tibbiyot institutiga universitet maqomi berildi

Samarqand davlat tibbiyot institutiga universitet maqomi berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.

Qarorga muvofiq Samarqand davlat tibbiyot institutini Samarqand davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etishga rozilik berilgan.

Shuningdek, universitet tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:

— Samarqand viloyati, Samarqand tumani, «O‘rtashiq» qishlog‘ida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti;
— Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi;
— Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filiali va uning klinikasi negizida universitet huzuridagi L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasi;
— Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitasiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi;
— Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovasion o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish belgilangan.

Universitet Samarqand davlat tibbiyot institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan talabalar universitetda mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘qishini davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda davlat namunasidagi universitet diplomi beriladi.

Kiritildi: 11:16 03.04.2022. O'qildi: 4031 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!