Qirg‘iziston Prezidenti 2024 yil davomida 2,2 million qirg‘iz somiga yaqin daromad olgan. Bu haqda mamlakat Davlat soliq xizmati ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati e’lon qilgan 2024 yil uchun davlat va munisipal xizmatchilarning deklarasiyalari bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Sadir Japarovning yillik daromadi 2 million 214 ming 482,38 qirg‘iz somini (taxminan 305,6 million so‘m) tashkil etgan. Deklarasiyada davlat rahbarining xarajatlari ko‘rsatilmagan.
Ma’lumotlarga binoan, Prezident mulkida 2 627 kvadrat metrli biznes-markaz, Issiqko‘l viloyati Tyup tumanida joylashgan 63 sotix qishloq xo‘jaligi yeri hamda 21 sotix yer uchastkasi mavjud. Ko‘char mulk sifatida esa 100 ming somga baholangan “Jiguli” avtomobili qayd etilgan.
Shuningdek, deklarasiyada 1 milliard 163,5 million som pul mablag‘lari legallashtirilgan mablag‘lar sifatida ko‘rsatilgan. Qayd etilishicha, Prezidentning yaqin qarindoshlari 2024 yil davomida 29 million 706 ming 840 so‘m daromad olgan.