Benzin va dizel yoqilg‘isi tanqisligi sababli Rossiyaning bir qator hududlarida mahalliy hokimiyat aholi va tashkilotlarga cheklovchi tavsiyalar bermoqda.
Novosibirsk viloyati hokimiyati korxonalarga xodimlarni masofaviy ish rejimiga o‘tkazishni, aholiga esa shaxsiy avtomobillardan imkoni boricha kamroq foydalanishni tavsiya qildi. Viloyatda 8 iyuldan boshlab yuqori tayyorgarlik rejimi joriy etilgan.
Tomsk viloyatida esa amaldorlarga yig‘ilishlarni ko‘proq onlayn formatda o‘tkazish tavsiya etildi. Bu haqda viloyat gubernatorining o‘rinbosari Olga Krilova ma’lum qildi.
Irkutsk viloyatida esa yoqilg‘i quyish shoxobchalarida elektron navbat tizimini joriy etish imkoniyati o‘rganilmoqda. Gubernator Igor Kobzevning aytishicha, bu haydovchilarga oldindan navbatga yozilib, belgilangan vaqtda yoqilg‘i quyish imkonini beradi.
Avvalroq «Mojem ob’yasnit» nashri T-Bank mijozlarining taxminan 20 mingta yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi tranzaksiyalariga asoslangan yoqilg‘i mavjudligi xaritasini tahlil qildi.
Tahlilga ko‘ra, Kabardin-Balqariya, Ingushetiya, Checheniston, Dog‘iston, Magadan viloyati va Chukotkada aholi uchun ochiq bo‘lgan birorta ham benzin mavjud yoqilg‘i quyish shoxobchasi qolmagan. Boshqa ko‘plab hududlarda esa yoqilg‘ini faqat viloyat markazlarida topish mumkin.