«Rossiya va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar alohida shaxslar o‘rtasidagi munosabatlardan ancha yuqori turadi. Shuning uchun munosabatlarimiz barcha mumkin bo‘lgan sohalarda konstruktiv tarzda rivojlanishiga ishonamiz», — dedi Peskov jurnalistlarga.
27 sentyabr kuni Aleksandr Vuchich Serbiya prezidenti lavozimidan muddatidan oldin ketish haqidagi hujjatni imzolagan. Uning vakolatlari vaqtincha parlament spikeri Ana Brnabichga o‘tishi kutilmoqda. Yangi prezident saylovlari dekabr oyi oxiriga qadar o‘tkazilishi kerak.
Peskovning aytishicha, Vuchich iste’fosi oldidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan.
Suhbat davomida Vuchich Rossiya bilan 14 yil davomidagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, u Serbiyaning kelgusi prezidentlari ham xalqaro maydondagi turli omillar o‘rtasida muvozanatni saqlagan holda tashqi siyosat olib borishiga umid bildirgan.
Vuchichning iste’fosi Serbiyada qariyb ikki yildan beri davom etayotgan namoyishlar fonida ro‘y berdi. Namoyishlar 2024 yil noyabrida Novi-Sad temiryo‘l vokzalidagi soyabon qulab, 16 kishi halok bo‘lganidan keyin boshlangan.
Norozilik namoyishlarida talabalar va muxolifat tarafdorlari muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini talab qilgan. Namoyishchilar hukumatni tizimli korrupsiya, tanish-bilishchilik va mas’uliyatsizlikda ayblagan.