Bugun 5 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Rossiya o‘z hududidagi Gyote institutlarini yopadi

Rossiya o‘z hududidagi Gyote institutlarini yopadi

Germaniyada Rossiya madaniy markazining faoliyati to‘xtatilganidan keyin Moskva ham javob choralarini ko‘radi.

«Albatta, ular yopiladi. Aks holda o‘zimizni hurmat qilmagan bo‘lamiz», – dedi Rossiya TIV rahbari Lavrov Vladivostokdagi Sharqiy iqtisodiy forumda.

Gyote instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada tashkilotning Moskvadagi bosh qarorgohi, shuningdek, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgda madaniy markazlari faoliyat yuritadi. Ularning barchasi yopilishi kutilmoqda. Til markazlari tarmog‘i faoliyati davom etadimi-yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

Moskva qarori Germaniya tomonidan Leypsig/Halle aeroportida portlovchi modda o‘rnatilgan dronlar bilan bog‘liq hodisa ortidan Rossiyaga nisbatan choralar ko‘rilganidan keyin e’lon qilindi.

Germaniya Rossiyani ushbu hodisaga aloqador deb hisoblamoqda. Rossiya tomoni esa ayblovlarni rad etmoqda. Lavrov Berlin hozirgacha Moskva aybini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmaganini aytdi.

Shuningdek, Germaniya elchisi Rossiya TIVga chaqirildi. Bundan avval Berlinda Rossiya elchisi ham Germaniya tashqi ishlar idorasiga chaqirilgan edi.

SPIEGEL ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiyaga qarshi choralarni avgust oxiridayoq e’lon qilishni rejalashtirgan. Biroq ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlari tergovga xalaqit bermaslik hamda Moskva ehtimoliy javobiga tayyorgarlik ko‘rish uchun qarorni kechiktirishni taklif qilgan.

Kiritildi: 16:32 03.09.2026. O'qildi: 832 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!