Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini qat’iyan rad etdi. Uning aytishicha, sanksiyalarni yumshatish evaziga siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasi Moskva va Vashington o‘rtasida muhokama qilinmagan.
Peskov jurnalistlar bilan suhbatda bunday masalani muhokama qilishning o‘zi ham Rossiya nuqtai nazaridan nomaqbul ekanini ta’kidladi.
Avvalroq The Atlantic jurnali AQSh prezidenti Donald Tramp Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash maqsadida Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ehtimoliy kelishuv doirasida Kreml ayrim siyosiy mahbuslarni ozod qilishi, AQSh esa bunga javoban Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishi mumkinligi aytilgan.
Peskov esa bu masala muhokama qilinmaganini bildirib, Rossiya siyosiy mahbuslar mavjudligini tan olmasligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u avval amalga oshirilgan turli mahbuslar almashinuvi bo‘yicha Rossiya va boshqa davlatlarning maxsus xizmatlari muntazam aloqalarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.