Bugun 19 oktyabr, 2019 yil, shanba

КИР

Rossiya,kapitalizm tufayli aroqdan voz kechmoqda

Rossiya,kapitalizm tufayli aroqdan voz kechmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasiga ko‘ra, oxiri 15 yil ichida Rossiyada alkogolli ichimliklar iste’mol qilish 43%ga kamaygan. Aynan ushbu sabab Rossiyada erkaklar orasida o‘lim miqdori 39 %ga ayollar orasida 36 %ga kamaygan, hayot davomiyligi esa erkaklar uchun o‘rtacha 68 yosh va ayollar uchun – 78 yoshga etgan. 

Ushbu ma’lumotlarga asoslangan holda JST Rossiya ildam qadamlar bilan alkogoldan voz kechmoqda, degan qarorga kelgan.

Hollivud filmlarida ko‘rsatilgan aroqni butilkasi bilan ichadigan ruslar obrazini bugungi yosh rossiyaliklar umuman tushunmaydi. Axir so‘nggi vaqtda aroq ichadiganlar soni sezilarli darajada kamayib ketdi.

Rossiyaning eng yirik alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish korxonasi bosh direktori aytishiga qaraganda Rossiya janubida uzumzorlar maydoni ko‘payib bormoqda. Kompaniya u yerda vino, jin va viski ichimliklari ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Chunki aroq arzon va sifatli bo‘lishiga qarmasdan – uni sotib olmay qo‘yishgan.

Nega bunday bo‘ldi, axir Rossiya xalqi azaldan ko‘p aroq ichib kelgan-ku?- degan savolga quyidagicha javob berish mumkin:

- Hammasiga “la’nati” kapitalizm aybdor!  

Ma’lumki oldingi zamonlarda kishi gohida aroq ichib, ishga kelmasa ham, gohida mast holda ishlasa ham korxonalar bungi panja ortidan qarashgan, ichuvchi xodim yillar davomida ishlab yuravergan.  

Hozir esa, aksariyat ish beruvchilar tijorat va xususyi korxonalar. Ichuvchi va o‘z ishini bajarmaydigan xodim hech kimga kerak emas. Buni ishchilar ham yaxshi tushunib olishgan.

Ikkinchidan, Rossiya hukumati alkogolga qarshi kurashga qat’iy bel bog‘lagan. Bunga 2003 yildan buyon aksizlar tinimsiz oshirib kelinayotgani hamda magazinlarda alkogol sotish soat 22:00 da cheklangani ham o‘z hissasini qo‘shgan.

Uchinchidan, oldingi zamonlarda kichik shaharlarda ishsizlik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan, odamlar bekorchilikdan ham ko‘p ichishgan. Hozir esa – iqtisod, qishloq xo‘jaligi sekin-asta tiklanib bormoqda. Ko‘chada bekor sang‘ib yurgan odamlar deyarli qolmagan. Hatto uzoq qishloqlarda ham ichuvchilar soni keskin kamayib ketgan.

To‘rtinchidan, oldin ichib yo‘lga chiqqan haydovchi jarima bilan qutilish imkoni bor edi. Endi esa – u bir necha yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lishi aniq. Ustiga-ustak gai xodimlari ham pora olmay qo‘ygan...  Buni ham o‘ziga xos tarbiya desak bo‘ladi.

Bugungi kunda ommaviy mast holatdagi ruslarni faqat bir joyda ko‘rish mumkin – Turkiyaning all-inclusive mehmonxonalarida. Ertaga ishga chiqish yoki avtomobil boshqarish kerak emasligini bilgan dam oluvchilar o‘zlarini erkin tutadi. Lekin bu holat albatta JST statistikasiga kirmagan. Kim bilsin, balkim endi turklar ko‘proq “ichayotgandir”...   

Yana bir sabab – sobiq SSSRda turli ko‘ngilochar dam olish uslublari kam bo‘lgan va aroq muhim  ijtimoiy, kommunikasion dam olish vosita vazifasini bajargan. Odamlar tez-tez uchrashib o‘z do‘stlari bilan alkogol iste’mol qilishar edi.

So‘nggi yillarda esa, aroqdan boshqa ko‘plab ko‘ngilochar vositalar paydo bo‘ldi. Masalan, internet, kompyuter o‘yinlari va hokazo. Bunday dam olish juda qulay, albatta. Hech qayerga borish, pul xarajat qilish talab etilmaydi. Lekin buning oqibatida odamlar o‘zaro muloqoti keskin kamaydi. Bir o‘zi bo‘lganidan keyin kishining aroq ichgisi ham kelmaydi...  


 

Kiritildi: 21:17 10.10.2019. O'qildi: 945 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!