Rossiya armiyasining Mi-8 vertolyoti Kaliningrad viloyati tomonidan Polsha havo hududiga kirdi va u yerda bir daqiqadan kamroq vaqt davomida bo‘ldi, deb xabar berdi Polsha Qurolli kuchlarining tezkor qo‘mondonligi. Qayd etilishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 11:08 da Branevo shahridan shimolda yuz bergan.
"Ushbu hodisa Rossiya navbatdagi marta havo hujumidan mudofaa tizimimizning jangovar shayligini sinovdan o‘tkazayotganini ko‘rsatadi. Polsha havo hujumiga qarshi mudofaa tizimining ishlashi uchun mas’ul xodimlarimiz kechayu kunduz kuzatuv olib bormoqda va Polsha havo hududi xavfsizligini ta’minlash uchun doimiy shay holatda turibdi", deb ta’kidladi qo‘mondonlik.
22 sentyabr oqshomida boshlangan Rossiyaning Ukrainaga ommaviy hujumi vaqtida Polshaning janubi-sharqidagi Lyublin va Jeshuv aeroportlari o‘z ishini vaqtincha to‘xtatgan edi. Polshaning PANSA aeronavigasiya xizmati agentligi Polsha qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilganidan so‘ng, parvozlarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qildi.