Bugun 14 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Ronaldu terma jamoadan chetlatilishi mumkin

Ronaldu terma jamoadan chetlatilishi mumkin

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu milliy jamoa yig‘inini muddatidan oldin tark etgani uchun intizomiy jazoga tortilishi mumkin. Unga nisbatan bir oydan olti oygacha diskvalifikasiya qo‘llanishi ehtimoli bor. Bu haqda «Mirror» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Portugaliya futbol federasiyasi qoidalariga ko‘ra, futbolchiga nisbatan avtomatik ravishda intizomiy jarayon boshlangan. Endi jazo muddatini maxsus intizomiy kengash belgilaydi.

Agar Ronaldu bir oydan ortiq muddatga diskvalifikasiya qilinsa, u kelasi oy Daniya va Uels terma jamoalariga qarshi o‘tkaziladigan Millatlar ligasi uchrashuvlarida ishtirok eta olmasligi mumkin.

ESPN ma’lumotlariga ko‘ra, intizomiy kengash futbolchining uzr so‘ragani kabi holatlarni ham hisobga oladi. Shu sababli unga nisbatan yengilroq jazo tayinlanishi ehtimoli ham mavjud.

Avvalroq Ronaldu milliy terma jamoa yig‘inini belgilangan muddatdan oldin tark etgan edi. Futbolchining ta’kidlashicha, bunga bosh murabbiy Jorje Jezushning o‘z va’dalarini ikki marta bajarmagani sabab bo‘lgan.

Ronaldu Uelsga qarshi 1:0 hisobida yakunlangan bahsda maydonga tushgan, ammo Norvegiyaga qarshi 2:1 hisobidagi uchrashuvda zaxirada qoldirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab mazkur o‘yinda ishtirok etishi rejalashtirilmagan. Biroq murabbiy zarurat tug‘ilsa, 30 daqiqa davomida o‘ynashga tayyor turishini so‘ragan. Shunga qaramay, futbolchi uchrashuvda maydonga tushirilmagan.

Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu faoliyati davomida besh marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan va Chempionlar ligasida besh bor g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, u Portugaliya terma jamoasi bilan Yevropa chempionati va Millatlar ligasida chempionlikni nishonlagan.

Ronaldu 2022 yil dekabr oyidan buyon Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubida to‘p surmoqda. Manbada keltirilishicha, u faoliyati davomida jami 980 ta gol urgan. Shundan 834 tasi klublar safida, 146 tasi esa Portugaliya terma jamoasida qayd etilgan.

Kiritildi: 12:20 10.10.2026. O'qildi: 1306 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!