«Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted»ga qaytish variantini ko‘rib chiqmoqda, deya tasdiqlaydi La Gazzetta dello Sport.
Manbaning yozishicha, 36 yoshli portugaliyalik forvard Turin klubini tark etishga qaror qilgan. «Yuventus» Chempionlar ligasini tark etgani va A Seriyada ham skudetto uchun amalda kurashdan chiqqani sababli klub futbolchining yillik 31 million yevro maoshini to‘lashda moliyaviy muammolarga duch kelishi haqidagi gap-so‘zlardan xabardor. Shartnoma 2023 yilga qadar belgilangan bo‘lsa-da, tomonlar yozda bitimni bekor qilishga qarshi emas.
Qayd etilishicha, Ronaldu «Manchester Yunayted»ga o‘tish uchun yillik maoshi 20 million yevrogacha pasayishiga tayyor. Krishtianu o‘z agenti Jorje Mendeshdan unga qiziqish bildirgan «MYu» bilan muzokaraga kirishni so‘ragan.
Avvalroq, italiyalik insayder va jurnalist Nikola Skira «MYu» rahbariyati portugaliyalik forvardning agenti Jorje Mendesh bilan aloqaga chiqib, transferni amalga oshirish imkoniyatini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.
Ronaldu 2003-2009 yillar davomida «Manchester Yunayted» safida to‘p surgandi. 2018 yildan buyon «Yuventus»da to‘p surayotgan futbolchi A Seriya joriy mavsumida 28 o‘yinda 25ta golga mualliflik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Real» prezidenti Florentino Peres Ronaldu Madridga qaytmasligini ma’lum qilgandi.