Londonning "Arsenal" klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta "Manchester Siti" va "Real" klublarini qiziqtirib qoldi. Bu haqda TEAMtalk xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ikkala klub ham Artetani joriy mavsum yakunlangach, taklif etish haqida o‘ylamoqda. Biroq, Artetaning o‘zi "Arsenal"da baxtli ekani va hech qayerga ketishni istamasligi, maqsadi klub bilan chempionlikni qo‘lga kiritish ekani aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Arteta allaqachon og‘zaki ravishda sport direktori Andrea Berta bilan "Arsenal" bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishib olgan, ammo mavzuga oid suhbatlar yozda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Manbaga ishonadigan bo‘lsak, Arteta bilan "Real" va "Manchester Siti" aloqaga chiqishi muqarrar, ammo ispaniyalik "Arsenal"ni tark etishi uchun aql bovar qilmaydigan narsa sodir bo‘lishi kerak.
Arteta "kanonirlar"ni 2019 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Ayni vaqtda jamoa 21 turda 49 ochko jamg‘argan holda Angliya chempionatida peshqadamlik qilmoqda.