Bugun Xufton namozida bir narsani o‘yladim: qaniydi hozir Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjidga kirib kelsalar. Saflarni yorib o‘tib to‘g‘ri mehrob tomon yursalarda, so‘ngra imomlikka o‘tsalar.
Bir o‘ylab ko‘ring-a, Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlaridan eshitmoqdasiz. Qur’onni farishtalarning ulug‘idan qabul qilgan zotdan eshitmoqdasiz. Rivoyatlarda kelishicha, Dovud alayhissalom Zaburni tilovat qilganlarida u kishining go‘zal ovozlaridan osmonda uchayotgan qushlar to‘xtab qolishar ekan. Endi bir o‘ylab ko‘ring, siz Qur’oni Karimni Me’roj kechasida jamiki payg‘ambarlarga imom bo‘lib namoz o‘qib bergan zotdan eshitmoqdasiz...
Qaniydi hozir Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelib yelkamga qo‘llarini qo‘ysalar. Meni qo‘limdan tutib o‘zlarining asri saodatlariga, yo‘q-yo‘q, jannatdagi manzillariga olib ketsalar...
Hayollar og‘ushida namoz tugaganini ham bilmay qolibman. Imom “Assalamu ’alaykum va rahmatulloh”, deb o‘ng tomonga salom berdi. Men ham imomga ergashib salom berdim. Qarshimda ulkan jamoat turar edi. Ularning orasida olimlar, qorilar, ahli ilmlar, yoshi ulug‘lar, Qur’on ta’siridan ko‘zi namlanganlar bor. Taqvoda, odobda, ilmda mendan peshqadamlari bor. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam olib ketish uchun bu jamoatdan kelib-kelib meni tanlaydilarmi?! Vaholanki, bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni mendan ko‘ra qattiqroq yaxshi ko‘radiganlar qancha! Rasululloh sollallohu alayhi va sallam asri saodatlariga kimnidir olib ketadigan bo‘lsalar ana o‘shalardan birini olib ketmaydilarmi?! Men namozimni xushu’siz, Qur’on tadabburisiz, ming hayollar bilan o‘qidim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu jamoatdan kelib-kelib meni olib ketadilarmi?!
Har bir musulmon bugun o‘ziga-o‘zi shunday savolni bersin: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonimizga kelib ushbu ummat ichidan bittagina insonni o‘zlari bilan jannatdagi manzillariga olib ketadigan bo‘lsalar, o‘sha inson men bo‘la olamanmi? Bu ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sunnatlariga eng ko‘p ergashayotgan inson men bo‘la olamanmi? Ushbu zamonda xulqi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xulqlariga eng ko‘p o‘xshaydigan inson men bo‘la olamanmi?”
Bu dunyoda Rasulullohga muhabbat qo‘ymay turib, oxiratdagi ul zotning shafoatlarini orzu qilmang. Abu Bakr, Umarlar yo‘q zamonda Rasulullohni hammadan ko‘ra qattiqroq yaxshi ko‘ra olmasangiz, unda Abu Bakr, Umarlar bor kunda Rasulullohning huzurlarida nima qilasiz?!
Allohim, bu ummatdagi har bir insonni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eng muhabbatlilardan qilgin!
Manba: azon.uz