Bugun 10 fevral, 2026 yil, seshanba

КИР

Raqobat qo‘mitasi "Jo‘rabek" korxonasiga jarima qo‘lladi

A A A
Raqobat qo‘mitasi "Jo‘rabek" korxonasiga jarima qo‘lladi

Biologik faol qo‘shimcha reklamasida qonunchilik talablarini buzilganligi uchun “JO‘RABEK” xususiy korxonasiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan “JO‘RABEK” xususiy korxonasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan “Orthomol” biologik faol qo‘shimchasi reklamasi yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar natijasida mazkur reklama materiallarini joylashtirish (tarqatish) jarayonida amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagani, xususan, mahsulot haqida to‘liq va qonuniy ma’lumotlar berilmagani aniqlandi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar hamda oziq-ovqat qo‘shimchalarini reklamasiga nisbatan qator majburiy talablar belgilangan.

Jumladan, bunday reklama:

Ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;

Ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;

Ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;

Sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;

Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;

Voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.

Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama ob’ekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.

Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi alomatlari bilan “JO‘RABEK” XKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Kiritildi: Bugun 11:35. O'qildi: 362 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!