Italiyalik mutaxassis Klaudio Ranyeri mamlakat milliy terma jamoasini boshqarishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
— Avvalroq Italiya terma jamoasiga «yo‘q» degandim, chunki o‘sha vaqtda «Roma»da ishlayotgan edim va ikki lavozimni bir vaqtning o‘zida egallay olmasdim. Hozir esa erkinman, shuning uchun kimdir qo‘ng‘iroq qilsa, nega endi yo‘q? Hech qachon «hech qachon» dema.
Bosh murabbiy yoki faqat menejer sifatida ishlashga rozimanmi? Bilmayman. Sizni mamlakatingiz chaqirsa, «ha» deysiz — tamom, — dedi Ranyeri Sky Sports’ga.
Ranyeri 2026 yil aprel oyi oxirida «Roma» boshqaruv kengashi maslahatchisi lavozimini tark etgan edi. U ushbu vazifada 2025 yil iyulidan buyon faoliyat yuritgan.
74 yoshli mutaxassis faoliyati davomida «Roma», «Kalyari», «Uotford», «Sampdoriya», «Chelsi», «Atletiko», «Fiorentina», «Napoli», «Fulxem», «Nant», «Lester», «Monako», «Inter», «Yuventus», «Parma», «Valensiya» hamda Gresiya terma jamoasini boshqargan.
Italiya terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma ololmadi. Milliy jamoa pley-off bahsida Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yinda mag‘lub bo‘ldi (1:1, penaltilar seriyasi — 1:4). Shundan keyin bosh murabbiy Jennaro Gattuzo iste’foga chiqarilgan edi.