Oq o‘rda qarorgohida bo‘lib tantanali marosimda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatning yangi Konstitusiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekdi.
Tantanali marosimda faxriy qorovul saflandi va Davlat madhiyasi yangradi.
Prezident vakolatlarini kuchaytiruvchi o‘zgarishlar nazarda tutilgan yangi Konstitusiya 15 mart kuni o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan edi.
Asosiy qonunning yangi tahririda prezidentning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi, ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali parlament joriy etildi, shuningdek nikoh “erkak va ayol o‘rtasidagi ittifoq” sifatida belgilab qo‘yildi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarishlar davlatni “superprezidentlik” boshqaruv shaklidan “nufuzli va ta’sirli parlamentga ega” prezidentlik respublikasiga o‘tkazishga qaratilgan. Biroq mutaxassislar bu tuzatishlar amalda aynan prezident hokimiyatini kuchaytirishini qayd etishgan.