Qozog‘istonning “QazMunayGaz” milliy neft-gaz kompaniyasi va Xitoyning CNPC (Xitoy milliy neft korporasiyasi) yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sohadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalasini muhokama qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, Pekinda “QazMunayGaz” boshqaruvi raisi Asxat Xasenov va CNPC direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan uchrashuv o‘tkazgan. Suhbat chog‘ida strategik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, tomonlar:
geologiya-qidiruv ishlarida hamkorlikni kengaytirish;
Shimkent neftni qayta ishlash zavodi quvvatini 2030 yilga qadar 6 mln tonnagacha oshirish;
Aqto‘be viloyatida yillik 880 ming tonnagacha karbamid ishlab chiqarish majmuasi qurilishi kabi loyihalarni muhokama qildilar.
Ushbu karbamid ishlab chiqarish loyihasi agrosanoat sohasi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Loyihaning umumiy investisiyasi 1,25 mlrd dollarga baholanmoqda.
Ta’kidlanishicha, tomonlar qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorliklarini bildirgan.