Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati O‘zbekiston bilan chegaradagi «Qoplonbek» nazorat punktida odamlar to‘planishi yuzaga kelganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, muammo O‘zbekiston hududidagi «Navoiy» chegara punktida ro‘y bergan texnik uzilishlar bilan bog‘liq. Xususan, ro‘yxatga olish tizimidagi nosozliklar sabab ayrim fuqarolar O‘zbekistonga kirish uchun kutishga majbur bo‘lmoqda.
Qozog‘iston tomonining ta’kidlashicha, «Qoplonbek» punkti odatiy rejimda ishlamoqda va hech qanday cheklov joriy etilmagan. Ayni paytda ikki davlat chegara xizmatlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston tomoni texnik muammolarni bartaraf etish va punkt faoliyatini to‘liq tiklash choralarini ko‘rayotgani bildirilgan.
Chegaradagi navbat Qozog‘iston emas, O‘zbekiston tomonidagi texnik nosozliklar bilan izohlanmoqda. Fuqarolarga safarlarni rejalashtirishda bu holatni inobatga olish tavsiya etildi.