Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

QOTILLIK: Namanganda uy-joy mojarosi fojiaga aylandi

QOTILLIK: Namanganda uy-joy mojarosi fojiaga aylandi

Inson ko‘zini faqatgina bir siqim tuproq to‘ydiradi. U tirik ekan, go‘yoki abadiy yashaydigandek mol-dunyo topish, uy-joy qilish ilinjida chumolidek tinim bilmaydi. Ammo vaqti-soati yetib, hammasi yolg‘onchi dunyoda qolishini, u dunyoga hech narsasiz ketishini har doim ham anglayvermaydi. Sobiq er-xotinlarning uy talashishi ulardan birining bevaqt olamdan o‘tishiga, ikkinchisining panjara ortiga yo‘l olishiga, bolalarning bevaqt yetim qolishiga sabab bo‘ldi. Ular talashgan uy esa ilgari qanday turgan bo‘lsa, shu holicha o‘z joyida qoldi...

Bu voqea 2020 yilning 21 iyun kuni da Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘ldi. Fuqaro Ikrom Sayfiyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘rtalaridagi uy-joy nizosidan qutulish, ya’ni ta’magirlik niyatida sobiq turmush o‘rtog‘i Jumayeva Solihaning ko‘krak va qorin bo‘shlig‘iga bir necha marotaba pichoq sanchib, qasddan o‘ldirgan.

“Anchadan beri uy talashardik”

Sudlanuvchi Ikrom Sayfiyev sudda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, quyidagicha ko‘rgazma berdi:

–2020 yil 21 iyun kuni yomg‘ir yoqqani uchun uyda o‘tirganimda amakimning xotini Z.Sayfiyeva mahalladoshi R.Kabirova bilan kelib, sobiq xotinim Soliha Jumayevadan hovlining 6 sotixini sotib olganini aytib, “bo‘shat”,deb janjal qildi. Ularning gapiga e’tibor bermay, xotinim S.Hamidova bilan dalaga ketdik. Qaytib kelganimizda, uydagi anjomlar betartib sochilib yotardi. Sobiq xotinim Soliha Jumayeva ham shu yerda edi. Unga sudning hal qiluv qaroriga asosan hovlining 4 sotixi tegishli ekanligini aytdim. U esa ustimdan kulib, haqorat qildi. Solihaga uydan ketishini so‘rab, xonadan chiqayotganimda, uning erkaklik sha’nimga teguvchi haqoratli so‘zlarini eshitib, jahlim chiqib ketdi. Aslida uni o‘ldirish niyatim yo‘q edi. Qo‘limga pichoq qayerdan kelib qolganini bilmadim. O‘zimga kelganimda Solihani pichoqlab qo‘ygandim. U bilan oramizdagi uy-joy nizosi anchadan beri davom etib, uy talashib kelardik. Erkak kishi ko‘tara olmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun ushbu jinoyat sodir bo‘ldi. Tergov vaqtida voqeadan shok holatda bo‘lganim uchun qanday ko‘rgazma berganimni eslay olmayman. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman. Solihaning oila a’zolaridan kechirim so‘rayman. Sud hay’atidan oilaviy ahvolimni inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashlarini iltimos qilaman.

“Otamga eng og‘ir jazoni tayinlang...”

Jabrlanuvchi Soliha Jumayevaning qonuniy vakili Sayfiyeva Nargiza sudda quyidagilarni ma’lum qildi:

– Sudlanuvchi Ikrom Sayfiyev otam, marhuma –jabrlanuvchi Soliha Jumayeva onam bo‘ladi. Ota-onam 2008 yilda ajrashishgan. 2018 yildan beri ularning o‘rtasida uy-joy nizosi davom etib kelmoqda. 2020 yil 21 iyun kuni otam I.Sayfiyev onam S.Jumayevani pichoqlaganini eshitib, shifoxonaga yetib bordim. Borganimda onam vafot etgan ekan. Otamning bu qilmishini hech qachon kechirmayman. Sud hay’atidan onamni o‘ldirgani uchun otamga eng og‘ir –umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘rayman.

“Hech qanday janjal bo‘lgani yo‘q...”

Sudda guvoh sifatida so‘ralgan Z.Sayfiyeva va R.Kabirovalar quyidagicha ko‘rsatma berishdi. Ular birgalikda o‘sha kuni I.Sayfiyevning uyiga borishgan. Ikrom bilan so‘rashib, xonaga kirishgan, tozalashni boshlab, ichkaridagi narsalarni hovliga tashib chiqarishgan. Tushlik mahallarda marhuma S.Jumayeva ularga tushlik olib kelgan. Birgalikda tushlik qilishgan, u telefonidan nevarasining fotosuratini ko‘rsatib, “Nevaram Ikromga o‘xshaydi”, degan. Uning gapidan ayollar kulib yuborishgan. Shu paytda I.Sayfiyev kirib kelgan, “Sen bu uyga xarajat qilganmisan?”deb qo‘lidagi pichoqni Solihaga sanchganini ko‘rib, ular qo‘rqib ko‘chaga qochib chiqishgan. Telefonda “Tez yordam” va profilaktika inspektorini chaqirishgan. Ularning ma’lum qilishicha,shu kuni sudlanuvchi va marhuma o‘rtasida hech qanday janjal bo‘lmagan, bir-birlarini haqorat qilishmagan.

Hukm o‘qildi

Sayfiyev Ikrom O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan aybdor, deb topildi. Unga nisatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilishi belgilandi.

Jamshid Mamurov,

Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

 

 

 

 

Kiritildi: 16:45 19.01.2021. O'qildi: 4153 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!