Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

"Qodirov ishi": ayblanuvchilarning qarindoshlari qiynoqqa solingani rostmi?

"Qodirov ishi": ayblanuvchilarning qarindoshlari qiynoqqa solingani rostmi?

2019 yil 18 aprel kuni internet tarmoqlarida Qodirov ishi doirasida hibsga olingan mansabdor shaxslar tergov davomida qiynoqlar haqida xabar berishdi nomli maqola e’lon qilindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, maqolada xuddiki ayblanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramovlarga nisbatan jismoniy va psixologik zo‘ravonlik va qo‘pol munosabatda bo‘lingani qayd etilgan.

Avval xabar qilinganidek, Bosh prokuratura tomonidan R.Qodirov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borilgan hamda 13 nafar shaxsga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha ayb e’lon qilingan.

Dastlabki tergov Jinoyat-prosessual kodeksining qoidalariga qat’iy amal qilgan holda olib borilgan, ayblanuvchilarga va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan hech qanday qiynoqlar yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmagan.

Ayblanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramov ularga qo‘yilgan ayblovlarni faqat qisman tan olgan, bu esa ularga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir.

Bundan tashqari, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha avval e’lon qilingan rasmiy xabarda (https://t.me/uzbprokuratura/427) (11.04.2019) ta’kidlanganidek, dastlabki tergov va sud jarayonida barcha ayblanuvchilarning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiy muassasalarining doimiy tibbiy kuzatuvida va nazorati ostida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, dastlab jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlanganida sudlanuvchilar U.Sunnatov va U.Xurramov sudda so‘roq qilish jarayonida o‘z ko‘rsatmalarida sodir etilgan jinoyatlarda aybdorligini tan olib, o‘z qilmishlariga amalda pushaymonligini bildirishdi, ammo keyinchalik ular o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, xuddiki ularga nisbatan qiynoq va tahdidlar qo‘llangani haqida xabar berishdi.

Qonunchilikka binoan, ayblanuvchi va sudlanuvchilar ularga nisbatan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha har qanday pozisiyani egallash huquqiga ega. O‘z navbatida Bosh prokuratura U.Sunnatov va U.Xurramovning tergov davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganligi to‘g‘risidagi vajlariga javoban aniq pozisiyasini bildirib, yuqoridagi ko‘rsatmalar haqiqatga mos kelmasligini qat’iy ta’kidlaydi.

Avval xabar berilganidek, bugungi kunda R.Qodirov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va Bosh prokuratura jinoyat ishida ishtirok etish uchun jalb qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini kafolatlaydi.

Kiritildi: 16:49 21.04.2019. O'qildi: 1853 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!