Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Qish mo‘minning bahoridir

Qish mo‘minning bahoridir

Mana o‘lkamizga qish fasli kirib keldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu faslning fazilatlari haqida bunday xabar berganlar:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ : اَلشِّتَاءُرَبِيعُ الْمُؤْمِنِ قَصُرَنَهَارُهُ فَصَامَ وَطَالَ لَيْلُهُ فَقَامَ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish mo‘minning bahoridir. Kunduzi qisqa bo‘ladi, ro‘za tutib oladi, kechasi uzun bo‘ladi(tahajjudga) turadi”, dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Askariy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida quyidagilarni yozgan: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Qish mo‘minning bahoridir”, deyishlari bahor fasli arablarda eng yaxshi fasl hisoblangani uchundir. Chunki bu faslda suvlar va o‘t-o‘lanlar mo‘l bo‘lishi sababli serobchilik bo‘ladi. Arablar yetimlarga xayr-ehson qiladigan sersaxovat kishini ham “etimlarning bahori”, deyishadi”.

Demak qish fasli unda nafl ibodatlar ko‘p bo‘lgani e’tiboridan o‘t-o‘lanlari serob bo‘lgan bahorga o‘xshatilgan. Shu ma’noda qish fasli mo‘min kishi uchun eng yaxshi fasl hisoblanadi. Chunki bu fasldakechalari turli nafl ibodatlarni ado etish oson bo‘lgani singarikunduzlari ro‘za ibodatini ado etish ham nihoyatda yengil bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallambu faslni g‘animat bilishga undab bunday deganlar:

عَنْ عَامِرِ بْنِ مَسْعُودٍ عَنِ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ:« الْغَنِيمَةُ الْبَارِدَةُ الصَّوْمُ فِى الشِّتَاءِ ».رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Omir ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qishdagi ro‘za salqingina o‘ljadir”, dedilar”. Termiziy rivoyatqilgan.

Ya’ni odatda o‘ljani qo‘lga kiritish uchun ter to‘kib harakat qilinadi. Ammo ba’zi vaqtlarda uni ter to‘kmasdan, qiyinchiliksiz qo‘lga kiritish ham mumkin bo‘ladi. Qish fasli ana shunday qiyinchilik va mashaqqatlarsiz ko‘plab ajr-mukofotlarni qo‘lga kiritish fursatidir.

Bu fasl ayniqsa tolibi ilmlar uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Shu ma’noda bahor faslini dehqonlar uchun urug‘ qadash mavsumi bo‘lganidek, qish faslini tolibi ilmlar uchun ilm egallash mavsumidir deyish ham mumkin.

Mo‘minlar bahori bo‘lgan ushbu faslni go‘zal amallar bilan o‘tkazish baxtiga Alloh taolo barchalarimizni muvaffaq qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi
Abdulqodir ABDUR RAHIM

Manba: Islaminstitut.uz

Kiritildi: 14:15 05.12.2018. O'qildi: 2285 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!