Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Qashqadaryoda tadbirkorni "sindirishyapti": u qariyb 1 mlrd so‘mini ololmay sarson

Qashqadaryoda tadbirkorni "sindirishyapti": u qariyb 1 mlrd so‘mini ololmay sarson

Qashqadaryolik tadbirkor, «Boyqo‘rg‘on pahlavoni» xususiy korxonasi rahbari Bekzod Berdiyev «Daryo»ga murojaat qilib, davlat rahbari qaroriga ko‘ra har bir oilani tadbirkor qilishga bel bog‘lagan Prezident jamoasiga qo‘shilganini, yurtdoshlarini tadbirkor qilish ilinjida o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shni Qozog‘istondan chorva mollari keltirib aholiga ulashayotganini aytar ekan, banklar uning qariyb 1 millard so‘m pulini o‘z vaqtida to‘lab bermay sarson qilayotganidan shikoyat qildi.

Tadbirkor Bekzod Berdiyevning iddaosi bo‘yicha voqea tafsilotlarini o‘rgangan «Daryo» muxbirining yozishicha, Qashqadaryodagi 8 ta bankning tadbirkordan 971 million so‘m qarzi mavjud.

«Aytib qo‘yay, kreditga olgan qo‘ylarimni qaytarish niyatim yo‘q»

— «Har bir – oila tadbirkor» dasturiga muvofiq bizdan, xorijdan chorva mollari olib keltirish va kafolat xatiga asosan aholiga kredit evaziga tarqatish mas’uliyati yuklangan, — deydi tadbirkor Bekzod Berdiyev. — Shunga ko‘ra, biz o‘z va’damizni bajardik. Ammo banklar va’dasida turmay, qariyb 1 milliard so‘m pulimizni bermay sarson qilmoqda.

«Har bir – oila tadbirkor» dasturiga muvofiq ta’minotchi vazifasini bajarayotgan tadbirkor sarflagan mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lab berilmasligi oqibatida ishlari orqaga ketayotganidan tashvishda.

— Biz ham vazifani bajarayotganda kimlar bilandir hamkorlik qilganmiz, oldi-berdimiz bor. Endi hamkorlarimiz oldida va’dasini bajarolmaydigan beburd bo‘lib ko‘rinishni istamaymiz, — deya kuyunadi tadbirkor.

— O‘g‘lim Otabek Shaymardonov nomiga «Agrobank»dan 30 million so‘m 8 foizlik kredit olish niyatida hujjat tayyorlagandik, — deydi Zamira Do‘stmurodova. – Oilaviy tadbirkorlik qilish niyatida bank bergan kafolat xati evaziga 20 bosh qo‘y va 2 ta qo‘zi oldik. Endi ta’minotchilar kelib, qo‘yni qaytirib olishlarini aytmoqda. Bank qo‘ylarning pulini to‘lab bermayotgan ekan. Biz o‘tgan fursat davomida qo‘yni boqish uchun qancha xarajat qilganmiz. Qolaversa, bitta qo‘zini so‘yib ham yedik. Men «Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatdan foydalandim», deb xursand bo‘lib yuribman. Agar banklar bunday qilsa, Prezident siyosatiga xalq ishonchi so‘nmaydimi?

Zamira Do‘stmurodova kredit evaziga olgan qo‘ylarini saqlab qolish, ta’minotchiga qaytarib bermaslik uchun «Agrobank» Nishon filiali boshqaruvchisi Bahriddin Abdullayev qabuliga 20 marotaba borganini, bank boshqaruvchisi ishni hal qilamizdan nariga o‘tmagach, hatto Toshkent shahriga ham borib kelganini aytmoqda.

— Nishondagi bank boshlig‘ining yoniga 20 marotaba bordim, — deydi Zamira Do‘stmurodova. – Resurs yo‘q, hal qilib beramizdan nariga o‘tmadi. Shuning uchun Toshkentga ham borib keldim. Markaziy bankning Aziz ismli xodimi resurs bilan bog‘liq muammo yo‘qligini aytib, tez orada ish hal bo‘lishini bildirdi. Ammo haligacha jimlik. Aytib qo‘yay, men olgan qo‘ylarimni qaytarish niyatim yo‘q.

Nishon tumanidagi Paxtazor MFYda yashovchi Abdumalik Murodaliyev ham 30 million so‘m kredit rasmiylashtirganini, evaziga 23 bosh qo‘y olganini aytib, uni ham shu muammo o‘ylantirayotganini ta’kidlamoqda.

«Kreditga berilgan molni qaytarib olishsa, boqqan xarajatlarimni to‘lab berishsin»

Nishon tumanidagi «Navbahor» MFY raisi Qarshiboy Karimov mahallasidagi 288 nafar fuqaro 8 foizlik kredit olish istagini bildirganini, shundan 58 nafar kishi kredit olishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidlab, 58 nafar fuqaro ham ta’minotchi sifatida «Boyqo‘rg‘on pahlavoni» xususiy korxonasini tanlab, ular keltirgan chorvadan xarid qilganini bildirmoqda.

— Mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalarga yordam bo‘lsin deb, fuqarolarning kredit olishiga ko‘maklashgandik, ammo boshimiz tashvishdan chiqmay qoldi, — deydi MFY raisi Qarshiboy Karimov. – Ta’minotchi kelib, mening pulimni to‘lab bermagan, mollarimni olib ketaman deydi, mol olgan fuqarolarimiz esa molni qaytarish niyati yo‘qligini aytadi. Boshimiz qotgan.

5 million so‘mdan ortiq kredit mablag‘i evaziga qora mol xarid qilgan 57 yoshli Hamza Choriyev agar kreditga berilgan qora mol qaytarib olinsa, tuman hokimi qabuliga kirib shikoyat qilishini bildirmoqda.

— Kreditga olgan qora molimni qaytarib olib ketaman deyishyapti, agar olib ketishsa men hokim qabuliga kiraman va hammasini aytaman, — deydi Hamza Choriyev. — Mayli olib ketishsa ham mening boqqan xarajatlarimni to‘lab berishsin deyman.

Rejada 380 milliard so‘m, ammo 414 milliard so‘m berildi

«Boyqo‘rg‘on pahlavoni» xususiy korxonasi ish boshqaruvchisi Gulmurod Berdiyev qarzdor banklar ularning hisobidan daromad qilayotganini iddao qilmoqda. Unga ko‘ra, berilganiga 3 oy muddat bo‘lgan kredit egalari ko‘rsatilgan foizni muntazam to‘lab kelmoqda. Bundan esa bank yaxshigina daromad qilyapti.

— Kafolat xati evaziga olingan, ammo hali rasmiylashtirilmagan kredit uchun aholi foiz to‘layotgani yo‘q, — deydi Markaziy bank Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Rajabov. – Shuning uchun bank tadbirkorning puli evaziga to‘lanayotgan foizdan daromad qilyapti degan gap asossiz.

Fayzulla Rajabov bergan ma’lumotga ko‘ra, Qashqadaryoda «Har bir – oila tadbirkor» dasturiga asosan aholiga 414 milliard so‘m kredit berilgan. Respublikadan belgilangan rejada esa bu ko‘rsatkich 380 milliard bo‘lgan. Ayonki, respublikadan viloyatga berilgan mablag‘ 380 milliard so‘m bo‘lgan. Markaziy bank bosh boshqarmasi boshlig‘ining so‘ziga ko‘ra, aholiga rejadan tashqari berilgan 34 milliard so‘m ilgari berilgan maqsadsiz kreditlarni qaytarish evaziga berilishi ko‘zda tutilgan. Ammo kerakli mablag‘ o‘z vaqtida yig‘ilmagach, qarzdorlik kelib chiqqan.

«Boyqo‘rg‘on pahlavoni» xususiy korxonasi rahbari Bekzod Berdiyevning ma’lumot berishicha, tadbirkordan «Agrobank»ning Nishon filiali 320 million so‘m, «Xalq banki» Nishon filiali esa 205 million so‘m, «Mikrokreditbank» Nishon filiali 236 million so‘m qarz. Demakki, bitta tumandagi 3 ta bankning tadbirkordan qarzdorligi 761 million so‘mni tashkil qilmoqda. Shuningdek, tadbirkordan Kitob, G‘uzor, Dehqonobod va Qarshi tumanida joylashgan tijorat banklari ham 210 million so‘m qarzdor.

Bank mutasaddisi: «muxbir bilan kelgan bo‘lsangiz, gaplashmaymiz»

«Daryo» muxbiri bilan muloqot qilgan «Xalq banki» Nishon filiali rahbari Jasur Hakimov haqiqatdan ham bankning tadbirkordan 205 million so‘m qarzdorligi borligini tan olib, yaqin kunlarda to‘lab berilishini ma’lum qildi. Ammo «Agrobank» Nishon filiali rahbariyati esa OAV xodimini hatto bank ostonasiga kiritishni ham ep ko‘rmadi. Tushunmaganimiz kirib-chiquvchilarni nazorat qilayotgan Qo‘riqlash xizmati xodimi barchaning kirishiga ruxsat berib, «Daryo» muxbiri va unga hamrohlik qilgan bank mijozi, ta’minotchi tadbirkor Bekzod Berdiyevni ichkariga kiritmadi. Kulgilisi esa, xususiy korxona ish boshqaruvchisi Gulmurod Berdiyevga qo‘ng‘iroq qilgan bank kredit bo‘limi boshlig‘i mijoziga muxbir bilan kelgani uchun gaplasholmasligini aytgani bo‘ldi.

Qariyb bir soat davomida bank ostonasida turib, ichkariga kirolmay qaytgan «Daryo» muxbiriga bank boshqaruvchisi Bahriddin Abdullayev qo‘ng‘iroq qilib, yarim soatda yetib kelishini bildirsa-da, bank boshqaruvchisidan 2 soatda ham darak bo‘lmadi. Qisqasini aytganda, bank rahbariyati OAV xodimini bankka kiritmagani yetmaganidek, «qulog‘iga lag‘mon ham ildi».

Jurnalistik surishtiruvlarimizdan ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryodagi mavjud tijorat banklari 10 ga yaqin tadbirkorlardan qarzdor. Ba’zi ta’minotchilarning 2 milliardlab puli haligacha to‘lab berilmagan.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mas’ulining aytishicha, ayni kunlarda respublikadan mablag‘ berilishi kutilmayapti.

— Shuning uchun ta’minotchilardan bo‘lgan qarzdorlik joriy yil yakuniga qadar Qashqadaryodagi banklarning o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda to‘lab beriladi, — deydi Fayzulla Rajabov.

Demakki, tadbirkorga bir haftada, o‘n kunda to‘lab beramiz deyilgan gaplar shunchaki, yo‘liga aytilayotgan gaplar ekan-da.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida ishlab chiqilgan «Har bir — oila tadbirkor» dasturiga ko‘ra, viloyat aholisiga respublika belgilab bergan 380 milliard so‘m o‘rniga, 414 milliard so‘m kredit berilishi va rejaning ortig‘i bilan bajarilishi tahsinga loyiq, albatta. Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi mas’ullari va bank rahbarlariga buning uchun rahmat aytsa arziydi. Ammo buning uchun binoyidek ishlab turgan tadbirkorni «sindirish», hamkorlari oldida izza qilish shartmikin?

PS. Maqola chop etilishi arafasida Markaziy bank Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Rajabov «Daryo» muxbiriga qo‘ng‘iroq qilib, muammo hal etilganini, viloyat mahalliy byudjetidan markaziy bankka 5 millard so‘m pul berilganini, natijada «Boyqo‘rg‘on pahlavoni» xususiy korxonasining 971 million so‘m puli o‘tkazib berilganini ma’lum qildi.

Kiritildi: 17:26 19.07.2019. O'qildi: 2120 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!