Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Qashqadaryoda 15 yoshli sohibjamol yigitining o‘limiga sababchi bo‘ldi

Qashqadaryoda 15 yoshli sohibjamol yigitining o‘limiga sababchi bo‘ldi

Yoshlikka ta’rif berilganida, avvalo, muhabbatga, go‘zal his-tuyg‘ularga e’tibor qaratiladi, yigit-qizlarning kechinmalari ta’riflanadi. Zero, sevish odamning odamga faqat ezgulik tilashi va yaxshilik qilishidir.

Lekin bugungi qahramonlarimizning sevgisini ushbu ta’riflar bilan izohlab bo‘lmaydi, aksincha faqat “behayo” iborasi bilan ta’rif berish mumkin.

O‘shanda endigina 15 yoshda bo‘lgan Zarnigor Xoldorova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) istarasi issiq, tili shirin, bir qarashda o‘ziga rom etadigan qaddi-qomatli edi. Achinarli tomoni, Zarnigorning otasi ishlash uchun Rossiyaga ketgan bo‘lib, onasi uning tarbiyasiga e’ti­borsiz edi. Ya’ni, Zarnigorning yurish-turishi, qayerga borishi, qanday mashg‘ulot bilan bandligi, kimlar bilan uchrashib yurganligi onasini deyarli qiziqtirmasdi.

“Bilgan ishingni qil”, degan fikrda hayot tarzini olib borayotgan Zarnigorning esa “oshiq”lari talaygina edi.

Endigina 24 yoshga kirgan, bo‘ydoq, topish-tutishi joyida bo‘lgan, tanish-bilishlari, do‘stlari havas qiladigan Murod Shamilov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ham Zarnigorning “oshiq”laridan biri edi.

Zarnigor va Murodning munosabatlari kun sayin kuchayib, ishq dardi ikkisining ham ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘ygandi. Ularning munosabati oddiy sevgi emas, balki behayo­lik tusini oladi. Turli sayyo­hatlar, bir necha kunlab yolg‘izlikda qolishlar, Murodning yashash uyidagi mehmondorchilik­lar, birga o‘tkazgan bedor tunlar bunga misol bo‘la oladi.

Voqeaning eng tashvishli va ayanchli jihati – ikki yosh o‘rtasidagi bu kabi munosabatlardan Zarnigorning onasi va xolasining xabardorligida edi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: 15 yoshda bo‘lgan qizining “behayoliklari” nima uchun onaning e’tiboridan chetda qoldi?

Aniqlanishicha, Zarnigorning onasi qizining Murod bilan munosabatidan xabardor bo‘lishi bilan birga, Murod bilan bu haqda suhbatlashgan ham. Lekin o‘z vaqtida qizini bu yo‘ldan qaytarish, uning o‘qishi va tahsil olishi uchun imkoniyat va sharoit yaratib berish choralarini ko‘rmagan.

O‘z navbatida Zarnigorning o‘ziga “oshiq” bo‘lgan yigitlar soni ortib borishi uning bosh­­qa “xurmacha” qiliqlar chiqarishiga olib keladi.

Zarnigor Murod bilan munosabatni davom ettirish bilan birga, bosh­­qa “oshiq” yigit bilan ham uchrasha bosh­laydi. Bu orada, Murod oila a’zolari tomonidan unga munosib deb ko‘rilgan qiz bilan uchrashib, u bilan unash­tiriladi. Bundan xabar top­gan Zarnigor janjal chiqara bosh­laydi, “oshiq”lar o‘rtasida turli kelishmovchilik­lar avj oladi.

Murod esa Zarnigorning bosh­­qa yigit bilan uchrashib yurganini ro‘kach qilib, u bilan munosabatlarini yakunlash payiga tushadi.

Voqea kuni Zarnigor va Murod birgalikda yigitning avtomashinasida uning yashash uyi­­ga kelib, xonadondagi avtomashinalar saqlash bo‘lmasida janjal qilishadi. Bir-birlarini urib, tepishadi. Zarnigor jahl ustida, avtomashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘ziga teskari qarab o‘tirgan Murodning yelkasidan ushlab kuchi boricha itarib yuboradi.

Murod avtomashinaning orqa o‘ng tomon eshigi sohasidagi qattiq qismiga yuzi bilan urilib, yuztuban yotib qolganligi natijasida, burun suyagining sinishi jarohatidan og‘ir darajali shok (karaxtlik) va hushsizlik holatiga tushadi va burundan kelayotgan qon massasini yutishi, miqdorda qon ketishi natijasida vafot etadi.

Mazkur jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va sudda ko‘rish jarayonida, 15 yoshli qizning “sarguzashtlari” barchani hayratga solishi aniq. Bu esa o‘ta tashvishli va har bir ota-onani sergak tortishga undamasdan qolmaydi.

Jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, Z. Xoldorovaga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan uning jinoyat sodir qilgan vaqtda 16 yoshga to‘lmaganligi va marhumning qonuniy vakilining da’vosi borligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 85-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) ga asosan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayin­landi.

Haqli savol tug‘iladi, nima sababdan voyaga yetmagan, hayotning achchiq-chuchigini totmagan Z. Xol­dorova va 24 yoshda bo‘lgan M. Sha­milovga ota-onasi to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata bilishmadi, ularning ta’lim-tarbiyalariga befarq qaradilar? Nimaga ular istiqomat qiluvchi mahalla fuqarolar yig‘ini, keng jamoatchilik bu kabi holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va nazoratga olish choralarini ko‘rmadi?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonlar etib tarbiya­lash bo‘yi­­cha keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgan, yoshlarga katta ishonch bildirilayotgan va ularning chuqur bilim olishlari, yetuk, komil inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda bu kabi mudhish voqealar yuz berishi juda achinarli hol.

Amaliyot faqat jazo yoki majburlov choralarini qo‘llash tahdidi bilan emas, avvalo, aholi ongiga huquq­buzarlik va jinoyatga qo‘l urmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofdagi insonlarga yuksak hurmatda bo‘lish kabi fazilatlarni singdirish, fuqarolarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, aholi, avvalo, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan profilaktika, ma’rifiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Shu maqsadda keng jamoatchilik, xususan, mahalla, ta’lim muassasalari, jamg‘armalar va yoshlar tashkilotlari imkoniyatlaridan keng foydalanish zarur. Bunda yoshlarning ta’lim-tarbiya­siga alohida e’tibor qaratish, ularning yurish-turishi, mashg‘ulotlari, qiziqishlarini o‘rganish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish yuzasidan tizimli ishlash talab qilinadi.

Shahzod Baxtiyorov,

Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi

Kiritildi: 23:59 14.08.2022. O'qildi: 13150 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!