Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qarshida yangi nodavlat universitet ochildimi? Yolg‘onlarga aldanib qolmang!

A A A
Qarshida yangi nodavlat universitet ochildimi? Yolg‘onlarga aldanib qolmang!

Juda ko‘pchilik xabar yo‘llab, Qarshi shahrida ochilgan yangi nodavlat universitet haqida ma’lumot berishimni so‘rashmoqda, deb yozadi bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Olingan xabarlarga ko‘ra, Qarshi shahrida «Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti» nodavlat ta’lim muassasasi ochilgani e’lon qilinib, juda ko‘pchilikdan hujjatlarni qabul qilishmoqda ekan. Hujjat topshirish pullik – 101.365 so‘m!

Tashkilotchilar barcha kelgan abituriyentlarga bu universitet garchi nodavlat bo‘lsa ham, lekin diplomi davlat OTM bilan birdek kuchga ega ekanligi, lisenziyasi borligi haqida aytishmoqda ekan.

10 dan ortiq yo‘nalishlar bor emish. Hech qanaqa imtihon yo‘q, shundoq kontrakt to‘lab o‘qib ketish mumkin ekan. O‘qishga topshirib qo‘ygan abituriyentlardan ham «yiqilsang, bizda o‘qishing mumkin» deya hujjat qabul qilishayotgan ekan.

❗️Ammo bularning barchasi cho‘pchak! Qip-qizil yolg‘on!

«Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti» nodavlat ta’lim muassasasi hech qanday lisenziyaga ega emas va o‘z-o‘zidan ularda fuqarolarga oliy ta’lim berish huquqi yo‘q.

Ular sodda xalqni aldab, millionlab pul to‘plab yotishibdi. Kelganlarga «mana, bizning lisenziyamiz bor» deya, Davlat xizmatlari markazidan berilgan yuridik shaxsni ro‘yxatga olish guvohnomasini ko‘rsatishmoqda. Bunaqa guvohnomani istalgan odam 5 minutda olishi mumkin. Sodda xalq esa, shu guvohnomani lisenziya deb o‘ylamoqda.

Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi allaqachon ushbu lisenziyasiz ta’lim muassasasi faoliyatiga chek qo‘yishni so‘rab Qashqadaryo viloyat hokimligi nomiga xat yo‘llagan. Tez orada rasmiy xabar berib qolinsa ham kerak.

Shu o‘rinda mutasaddilardan nafaqat ularning faoliyatiga chek qo‘yish, balki aldanib pul to‘lagan fuqarolarning pullarini ham egalariga qaytarish choralarini ko‘rishlarini so‘rab qolamiz.

Yurtdoshlarimiz ham bu kabi yolg‘onlarga uchmasdan, kim nima desa ishonib ketavermasdan, so‘rab-surishtirib ko‘rishsa yomon bo‘lmasdi. Avvalroq Qozog‘istondagi OTMlarning filialimiz deya yolg‘on gapirib, minglab insonlardan pul olayotganlar haqida yozgan edim. (https://t.me/xushnudbek/2682)

Ogoh bo‘ling, aldanib qolmang!

Kiritildi: 15:56 30.07.2019. O'qildi: 13847 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!