Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Qanday dorilar allergiya qo‘zg‘ashi mumkin?

A A A
Qanday dorilar allergiya qo‘zg‘ashi mumkin?



Bugun dorixonalardan bir turdagi preparatning hatto o‘nlab nomdagi muqobillarini topishingiz mumkin. Bu, albatta, quvonarli holat. Ammo farmasevtika bozorining rivojlanishi dori allergiyasi bilan bog‘liq xastaliklar avj olishiga turtki bo‘layotgani ham sir emas.

Masalan, o‘tgan asrning 40-yillariga qadar dori-darmonlar bilan davolash asoratlari dunyo bo‘yicha bor-yo‘g‘i 0,5-1,5 foiz bemorlarda kuzatilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 15-30 foizga yetgan.

— Allergiya qo‘zg‘atuvchi preparatlar reytingida antibiotiklar yetakchilik qiladi, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — β-laktamlar guruhiga mansub penisillin, amoksisillin, sefazolin, sefotaksim kabi antibakterial vositalar hamda sulfanilamidlar tarkibiga kiruvchi sulfadiazin, sulfadoksin singari preparatlar shular jumlasidan.

Ikkinchi o‘rinda steroid bo‘lmagan yallig‘lanishga qarshi dorilarni keltirish mumkin. Deyarli barcha og‘riq qoldiruvchi va antipiretik vositalar shu guruhga kiradi.

Qolaversa, mahalliy anestetiklar — novokain, lidokain va boshqalar ko‘pincha allergiyani keltirib chiqaradi. Tarkibida yod moddasi mavjud dorilar ham keng tarqalgan allergenlar hisoblanadi.

Shifokorning ta’kidlashicha, dori allergiyasi odatda to‘satdan boshlanadi va inson hayoti hamda salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens-Djonson sindromini bunga misol qilib keltirish mumkin.

Ko‘pincha dori allergiyasi alomatlari toshmalar, eshakemi, angionevrotik shish bilan namoyon bo‘ladi. Bir turdagi preparatning takroriy qabul qilinishi dermatitga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim hollarda tana harorati ko‘tarilishi kuzatiladi.

Dorilarga allergiya ularni takroriy qabul qilish tufayli rivojlanadi. Masalan, bir vaqtning o‘zida mikroblarga qarshi bir necha preparatlarni ichish xastalikni kuchaytirib yuborishi ehtimoli mavjud.

Shu o‘rinda allergiya nafaqat dorilar, balki ularga qo‘shiladigan turli bo‘yoq va aromatizatorlarga nisbatan ham paydo bo‘lishini unutmaslik lozim.

Dorilarga allergiya nafas yo‘llari kasalliklarini ham keltirib chiqarishi mumkin. Hatto u qon tarkibida leykositlar soni kamayishi, kamqonlikka sabab bo‘lishi xavfi mavjud. Ba’zida buyrak, yurak, qon tomirlari va taloq shikastlanishi ham dori allergiyasi oqibatida sodir bo‘ladi. Shunday ekan, dorilarni, albatta, shifokor tavsiyasi bilan iste’mol qilish zarur.

Kiritildi: 21:48 04.04.2022. O'qildi: 5135 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik